Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm...
Mamlakatimizda ta’lim sohasiga bo‘lgan e’tibor yildan-yilga ortmoqda. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarimizga bo‘lgan hurmat va e’tibor ham yuksalib boryapti. Bugun ta’lim sohasi fidoyilari elu yurtimiz hurmati va ardog‘ida. Buni biz – ilm ahli har qadamda ko‘rib, bilib, his qilib turibmiz. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 11 sentyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoni hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ham yaqqol misol bo‘ladi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoni bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Unda beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsad o‘z aksini topgan. Unda boshqa sohalar qatori ta’lim sohasiga ham katta e’tibor qaratilgani bizni nihoyatda quvontirdi. Unda jumladan, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish asosiy g‘oya sifatida belgilangan. Shuningdek, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish, har yili 500 nafar iste’dodli yoshlarni xorijning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuborish, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, 30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish, 10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli top-1000 oliygohlari reytingiga kiritishga erishish ham ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz bir nutqida “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”, deb ilm-ma’rifatga yuksak baho bergandilar. 2022 yilda o‘z faoliyatini boshlagan va 4000 nafarga yaqin talaba tahsil olayotgan Qarshi innovatsion ta’lim universitetida ham “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab olingan dolzarb vazifalarni ro‘yobga chiqarishda professor-o‘qituvchilar bor kuch-g‘ayrati, bilim va tajribasini yoshlarga sarflab, ta’lim – barcha davrlarning dolzarb masalasi ekanligini teran tushungan holda yorqin kelajak sari dadil odimlamoqda.
Ishonchimiz komilki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘zda tutilgan barcha maqsad va vazifalar vatanimizning keyingi taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi. Keyingi paytlarda mamlakatimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq, yoshlarimizda oliy ma’lumot olishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotgani kuzatilmoqda. Ularning ehtiyojini to‘liq qoplash maqsadida yurtimizda nodavlat oliy ta’lim muassasalari tashkil etilib, yoshlar uchun katta imkoniyatlar yaratilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bir nutqida: “Bilim bo‘lmagan joyda qoloqlik, nodonlik va, albatta, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ish bo‘ladi”, deb bejiz ta’kidlamagan. Shunisi quvonarliki, nodavlat OTMlarda tahsil olayotgan talabalar ham davlat OTMlari talabalari kabi bir xil imtiyozlarga ega bo‘lmoqda. Masalan, Prezidentimizning kvotalarga oid farmoyishida nodavlat universitet va institutlar uchun 1000 ta grant o‘rni ajratilishi belgilangan. Hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda davlat, nodavlat va xorijiy OTMlarning talabalari uchun Prezident va nomli davlat stipendiyalari berilishi ham ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan yetim va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarga ham davlat tomonidan moddiy yordam ko‘rsatiladi. Bu tartib ham Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan.
O‘zbekistonda 2025 yildan boshlab xususiy oliygohlarga ham kvota belgilanishi va bu ularning reytingdagi o‘rniga muvofiq ajratilishi rejalashtirilgan. Shunga ko‘ra, biz universitetimiz reytingini ko‘tarish uchun hozirdanoq asosiy e’tiborni ta’lim sifatini oshirishga qaratganmiz. 2022-2026yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning yangi strategiyasida 2026 yilgacha oliy ta’limning nodavlat notijorat tashkilotlari sonini kamida 50 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shubhasiz, bu sa’y-harakatlar zamirida inson va uning manfaatlarini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirishdek ustuvor vazifalar yotibdi.
Lochin Rahmonov,
Qarshi innovatsion ta’lim
universiteti rektori
O‘zA