Energiya tejamkor gaz uskunalariga talab ortmoqda
Tejamkorlikka rioya etish qaysi sohada bo‘lmasin, o‘zining ijobiy samarasini beradi. Negaki, berilgan har bir ne’matning qiymati, o‘lchovi bor.
Kuz-qish mavsumida tabiiy gazning bir kubidan ham unumli foydalanish zarurligini sharoitning o‘zi taqozo etadi.
Bunda iste’molchilar xonadonlariga o‘rnatilayotgan energiya tejamkor gaz uskunalarining ahamiyati katta.
“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali va uning shahar va tuman gaz ta’minoti bo‘limlari xodimlari tomonidan energiya tejamkor gaz yondirgichlarining afzalliklari yuzasidan joylarda mahallalar bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlari ham bejizga emas.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday energiya tejovchi gaz yondirgichlari gaz sarfini 30-35 foizga kamaytiradi, gazning to‘liq yonishini ta’minlaydi. Shuningdek, xavfsizlik avtomatikasiga egaligi uchun ham gaz o‘chgan taqdirda avtomatik ravishda gaz yondirgich o‘chadi.
– Yakunlangan 2023 yilda viloyatda 27 ming 690 ta energiya tejamkor gaz uskunasi o‘rnatilishi ta’minlandi, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali yetakchi muhandisi Faxriddin Jumayev. – Olib borayotgan targ‘ibot ishlarimiz natijasida aholi bilan birga ulgurji iste’molchilarimizda ham bino va xonalarni isitishda tajamkor gaz yondirgichlaridan foydalanish talabi ortyapti. Ma’nan eskirgan, qo‘lbola va nostandart gaz jihozlari o‘rniga zamonaviy gaz yondirgichlaridan foydalanish gaz to‘lovi uchun xarajatlarni kamaytirishi bilan ham iste’molchilarimizda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Joriy yilda viloyat bo‘yicha jami 14 ming 252 ta zamonaviy energiya tejamkor gaz uskunasini o‘rnatish rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri