Energiya nazorati sohasida 9 oylik faoliyat sarhisob qilindi
Energiya resurslaridan samarali va qonuniy foydalanishni ta’minlash, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish hamda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish sohadagi muhim vazifalardan hisoblanadi. Bu jarayonda nazorat tadbirlarining samaradorligi bilan bir qatorda, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida ushbu yo‘nalishda olib borilgan ishlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida tanqidiy tahlil qilindi.
Inspeksiya boshlig‘i Ahadxon Isoqjonov boshchiligidagi yig‘ilishda 9 oylik faoliyat natijalari muhokama qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish va ish samaradorligini oshirish choralari yuzasidan fikr almashildi.
Muhokamalar davomida hududlarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullarning samaradorligi hamda tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlash holatiga baho berildi. Ayrim hududiy boshqarmalarda murojaatlarni o‘rganishga yetarlicha e’tibor qaratilmagani qayd etilib, mas’ullarga tegishli ogohlantirishlar berildi.

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish borasidagi ishlarni kuchaytirish ham kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘ldi. Iste’molchilar o‘rtasida resurslarni tejash bo‘yicha profilaktik tadbirlarni kengaytirish va energiya auditini samarali tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.
Energetika ob’ektlarining ekspluatatsiya holatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ulardagi ishlar talablar asosida tashkil etilishi va ob’ektlarni muntazam o‘rganib borish amaliyotini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Inspeksiyaning nazorat-kimyo laboratoriyalari faoliyati bo‘yicha ham mas’ullarga topshiriqlar berildi. Iste’molchilarga yetkazib berilayotgan neft mahsulotlari sifati ustidan nazorat tadbirlarini muntazam davom ettirish lozimligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, yig‘ilishda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar natijadorligi ham muhokama qilinib, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Yakunda hududiy boshqarmalar mas’ullarining hisobotlari tinglandi. Sohada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, nazorat ishlarini kuchaytirish va kelgusi davrda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA