Energetikada dual ta’lim universitetdan korxonaga, nazariyadan amaliyotga, bilimdan kasbiy mahoratga yetaklaydi
Prezident topshirig‘i amalda
Prezidentimiz energetika yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga talabalar uchun dual ta’lim asosida amaliyotlarni tizimli tashkil etish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.
Mazkur topshiriq energetika sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimida yangi bosqichni boshlab berdi. Zero, bugun energetika sohasida malakali, zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, ishlab chiqarish jarayonlarini chuqur biladigan va mustaqil qaror qabul qila oladigan kadrlarga ehtiyoj ortib bormoqda. Bu oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan yanada yaqinlashtirish, talabalarning nazariy bilimini bevosita amaliyot bilan uyg‘unlashtirishni taqozo etmoqda. Chunki, bugungi ish beruvchi faqat diplomga ega mutaxassisni emas, balki zamonaviy energetika qurilmalari bilan ishlashni biladigan, energiya tejamkor texnologiyalarni amaliyotda qo‘llay oladigan, ishlab chiqarish jarayonlarini tahlil qilish va mavjud muammolarga yechim topish qobiliyatiga ega kadrni talab etmoqda.
Dual ta’limning asosiy afzalligi shundaki, talaba o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilimni auditoriyada egallab, uni real ishlab chiqarish muhitida sinab ko‘radi. Bunda oliy ta’lim muassasasi, talaba va ish beruvchi o‘rtasidagi hamkorlik yangi mazmun kasb etadi. Talaba nazariy bilimni universitetda, amaliy ko‘nikmalarni korxona va tashkilotlarda egallaydi. Natijada talabaning kasbiy kompetensiyalari shakllanadi, ishlab chiqarish muhitiga moslashuvi tezlashadi. Korxonalar uchun tayyor va malakali kadrlar zaxirasi yaratiladi. Ta’lim dasturlarining mazmuni ishlab chiqarish talablari bilan uyg‘unlashib, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash imkoniyati kengayadi. Eng muhimi, dual ta’limni bir martalik tadbir yoki amaliyot o‘tash bilan cheklab qo‘ymaslik kerak. U aniq maqsad, vazifa va natijalarga yo‘naltirilgan uzluksiz tizimga aylanishi lozim.
Bu borada Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida energetika sohasi uchun kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, dual ta’limni tashkil etishda asosiy e’tibor talabalarni energetika korxonalari va tashkilotlarida bevosita ish jarayoniga jalb etishga qaratilmoqda. Ayniqsa, talabalarning energetika tizimidagi real ob’ektlarda ishlashini ta’minlash, ularni zamonaviy energetika texnologiyalari bilan tanishtirish, energiya ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste’mol qilish jarayonlarini bevosita o‘rganishi uchun zarur sharoitlar yaratish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Ushbu vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida energetika sohasida faoliyat yuritayotgan yirik korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikning aniq mexanizmlari ishlab chiqildi. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Surxondaryo hududiy filiali, “Amudaryo–Surxon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari boshqarmasi, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati “To‘palang” GES filiali hamda “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Surxondaryo magistral elektr tarmoqlari filiali bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, “Energetika” kafedrasi filiallarini tashkil etish, ularning tuman bo‘limlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalarni dual ta’lim asosida qabul qilish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.
2026/2027 o‘quv yilidan universitetda energetika yo‘nalishining 148 nafar talabasini dual ta’limga qamrab olish rejalashtirilgan. Shundan 62 nafari 4-kurs, 86 nafari 3-kurs talabalaridir. Bunda talabalarni hududlar bo‘yicha taqsimlashda ularning yashash manzili, korxonalarning joylashuvi va ishlab chiqarish imkoniyatlari inobatga olinmoqda.Zero, dual ta’limni samarali tashkil etishda har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish muhim ahamiyat kasb etadi.
Surxondaryo viloyatida tumanlar bir-biridan ancha uzoq joylashgan. Masalan, Termiz–Sariosiyo oralig‘i 180 kilometr, Termiz–Boysun oralig‘i esa 120 kilometrni tashkil etadi. Shu bois talabani istalgan korxonaga yuborish emas, balki uning doimiy yashash hududi va korxonaning joylashuvini hisobga olgan holda biriktirish mexanizmi ishlab chiqildi. Bu yondashuvning ijtimoiy ahamiyati katta. Talabaning kunlik yo‘l xarajatlari, ovqatlanishi va vaqtincha yashashi bilan bog‘liq masalalar hisobga olinadi. Imkon qadar talabani yashash joyiga yaqin korxonaga biriktirish orqali uning dual ta’limda uzluksiz ishtirok etishi, ortiqcha vaqt va moddiy xarajatlarni kamaytirish ko‘zda tutilmoqda. Demak, dual ta’limni tashkil etishda nafaqat ta’limiy, balki talabaning ijtimoiy sharoiti ham e’tiborga olinmoqda.
Universitetda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan muhim loyihalardan biri energiya auditi bo‘yicha kadrlar tayyorlash va amaliy faoliyatni yo‘lga qo‘yishdiр. Bugungi kunga qadar energiya auditi yo‘nalishida universitetning 35 nafar professor-o‘qituvchisi va talabasi maxsus o‘quv kurslarida ishtirok etib, tegishli sertifikatga ega bo‘ldi. Bu esa nafaqat ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan bog‘lash, balki hududda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy loyihalarni amalga oshirish uchun ham muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi 63 ta tashkilot bilan energiya auditini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik shartnomalarining imzolangani ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasining amaliy namunasidir. Bunday hamkorlik natijasida talabalar nafaqat nazariy bilim oladi, balki real ob’ektlarda energiya iste’molini tahlil qilish, energiya tejamkorlik imkoniyatlarini aniqlash, energetik samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholash va amaliy takliflar ishlab chiqish ko‘nikmalariga ega bo‘ladi. Shu tariqa talabaning amaliy faoliyati nafaqat uning kasbiy salohiyatini oshiradi, balki hududda energiya samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dual ta’limda korxonalar ishtirokining alohida o‘rni bor. Boisi zamonaviy energetika sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni faqat auditoriya yoki laboratoriyada to‘liq shakllantirish andak murakkab masala. Talaba elektr stansiyalari, podstansiyalar, elektr tarmoqlari, energiya ishlab chiqarish va taqsimlash ob’ektlaridagi haqiqiy ish jarayonini ko‘rishi, mutaxassislar bilan birga ishlashi va texnologik jarayonlarni bevosita kuzatishi zarur. Shu bois universitet tomonidan energetika sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, talabalar amaliyotini aniq ish o‘rinlari va ishlab chiqarish vazifalari bilan bog‘lashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda har bir talabaning amaliyot davrida bajargan ishlari, egallagan ko‘nikmalari va kasbiy kompetensiyalari elektron shaklda qayd etib borilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Zamonaviy dual ta’limni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun talabalarning amaliyotga borishi, amaliyot rahbarlari, bajarilgan ishlar, egallangan ko‘nikmalar va yakuniy natijalarni raqamli monitoring qilish tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Bu orqali oliy ta’lim muassasasi har bir talabaning amaliyotdagi faoliyatini kuzatib borishi, korxona esa uning kasbiy tayyorgarligiga baho berishi mumkin bo‘ladi. Ayniqsa, kunlik vazifalarni elektron shaklda berish, talabaning bajargan ishlari bo‘yicha hisobotlarni qabul qilish va uning faoliyatini muntazam baholab borish dual ta’limning shaffofligini ta’minlaydi. Bunday raqamli monitoring tizimi dual ta’limni qog‘ozdagi hisobotdan real natijaga yo‘naltirilgan ta’lim modeliga aylantirish imkonini beradi.
Bugun energetika sohasi jadal o‘zgarmoqda. Quyosh va shamol energetikasi, energiya saqlash tizimlari, “aqlli” elektr tarmoqlari, raqamli boshqaruv, energiya auditi va energiya samaradorligi kabi yangi yo‘nalishlar mutaxassislardan mutlaqo yangi kompetensiyalarni talab etmoqda. Shuning uchun oliy ta’lim muassasalari oldidagi vazifa faqat mavjud o‘quv dasturlarini amalga oshirish emas, balki energetika sohasining ertangi ehtiyojlarini oldindan ko‘ra bilish va shunga mos kadrlar tayyorlashdan iborat. Shunga muvofiq oliy ta’lim muassasamizda energetika sohasida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishni birlashtirgan muhitni shakllantirish muhim vazifa sifatida belgilab olindi. Bu jarayonda professor-o‘qituvchilarning ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorligi, talabalarning real loyihalarda ishtiroki, energiya auditi bo‘yicha amaliy tadqiqotlar olib borishi va korxonalarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganishi muhim o‘rin tutadi.
Dual ta’limni joriy etishda eng muhim mezon talabaning qayerga borib amaliyot o‘tagani emas, balki amaliyot natijasida nimani o‘rgangani va qanday kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lganиdiр. Shu nuqtai nazardan, energetika yo‘nalishida tahsil olayotgan har bir talaba uchun individual amaliy trayektoriyani belgilash, uni muayyan korxona yoki tashkilotga biriktirish, korxonadagi tajribali mutaxassisni ustoz sifatida belgilash va uning kasbiy o‘sishini muntazam baholab borish lozim. Bunday yondashuv talabaning mas’uliyatini oshiradi, korxonaning ta’lim jarayonidagi ishtirokini kuchaytiradi va universitetning amaliy tayyorgarlik sifati ustidan nazoratini ta’minlaydi. Zotan, bugun universitetda tahsil olayotgan talaba — ertaga energetika tizimining muhandisi, texnologi, rahbari va sohaning ilmiy salohiyatini belgilab beruvchi mutaxassisdir. Shuning uchun dual ta’limga oddiy amaliyot sifatida emas, balki raqobatbardosh kadr tayyorlashning strategik mexanizmi sifatida qarash kerak.
Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan mazkur topshiriqni tizimli va samarali amalga oshirish orqali oliy ta’lim muassasalari nafaqat energetika sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlaydi, balki ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasining yangi modelini ham shakllantiradi. Universitetimizda bu boradagi yondashuvning asosiy maqsadi talabani shunchaki amaliyotga yuborish emas, balki uni real ishlab chiqarish muhitida kasbga tayyorlashdiр. Shu ma’noda, dual ta’limga shunchaki amaliyot, deb emas – universitetdan korxonaga, nazariyadan amaliyotga, bilimdan kasbiy mahoratga olib boradigan uzluksiz tizim sifatida qaralmoqda.
Rasul To‘rayev,
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar
universiteti rektori.
O‘zA
–0–