Endi suvdan behuda foydalanilmaydi...
Prezidentimiz Murojaatini televideniye orqali katta qiziqish bilan tingladik.
Prezidentimiz Murojaatini televideniye orqali katta qiziqish bilan tingladik. Murojaatda jamiyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, yurtimiz ravnaqi bilan bogʻliq juda koʻp masalalar yuzasidan amalga oshirilishi zarur boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab berildi. Eng asosiysi, Murojaatning bosh maqsadi “Hamma narsa inson va uning manfaati uchun” degan gʻoya bilan sugʻorilganligi butun xalqimizni behad quvontirdi.
Murojaatda Prezidentimiz Vazirlar Mahkamasiga “Suv xoʻjaligini rivojlantirish Konsepsiyasi” loyihasini joriy yilning 1-apreliga qadar kiritish topshirigʻini berdi. Ushbu Konsepsiyada suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hamda suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish jarayonini, suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish tizimini avtomatlashtirish ishlariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi alohida taʼkidlandi. Bugungi kunda tobora global ahamiyat kasb etib borayotgan suv masalasi, xususan, suvdan foydalanish boʻyicha tejamkor texnologiyalarni joriy etish, suvni boshqarishning avtomatlashgan tizimini yaratish boʻyicha konsepsiya ishlab chiqish haqidagi vazifa suv xoʻjaligi sohasi mutaxassisi sifatida dilimdagi gap boʻldi.
Sir emaski, ekinlarni sugʻorishda dehqonlar dalaning boshi va oxirida namlikni bir xil taʼminlash maqsadida suvni bir necha sutkalab oqizib, paynob orqali zovurlarga tushirishga odatlangan. Yerlar bu tartibda sugʻorilganda tuproqning bir necha ming yillar davomida shakllangan unumdor qatlami suv bilan yuvilib, zovurlarga oqib ketadi. Bu kabi salbiy holatlarga barham berish uchun Prezidentimiz taʼkidlaganidek, suv tejovchi ilgʻor texnologiyalar, xususan, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etishga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur. Bu bilan nafaqat suv resurslarni iqtisod qilishimiz, balki tuproq eroziyasining oldini olish hamda hosildorlikni yanada oshirish mumkin.
Ishonamanki, Murojaatdan soʻng mamlakatimizda suvni avtomatik tarzda boshqarish boʻyicha konsepsiya ishlab chiqiladi, suv resurslaridan oqilona, unumli va samarali foydalanishga qaratilgan ishlar yanada yuqori bosqichga koʻtariladi.
Shuhratjon ERGASHEV,
“Norin-Qoradaryo” irrigatsiya
tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari