“Endi ko‘chaga mustaqil chiqa olaman”
Ijtimoiy himoya
Taqdir insonni qanday sinovlarga ro‘baro‘ qilishidan qat’iy nazar yashashga bo‘lgan umid, maqsadlar sari olg‘a intilish so‘nmasligi lozim. Bugun oramizda shunday odamlar borki, nogiron bo‘lishiga qaramay kurashuvchanlik hissi ularni aslo tark etmaydi. Bu boradagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun esa hukumatimiz tomonidan beqiyos yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrining Oydin mahallasida yashovchi Yulduz Umirova I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatida turadi.
[gallery-21663]
U bir necha yillardan buyon ko‘p qavatli uyda yashaydi. Nogironlik aravachasida ekanligi sababli, uyidan ko‘chaga chiqishga qiynaladi. Biror joyga bormoqchi bo‘lsa, qo‘ni-qo‘shnilardan yordam so‘rashga majbur. Chunki uning uyidan aravachada tushishning imkoni yo‘q.
Mahalladagi ijtimoiy xodim fuqaroning muammolarini o‘rganib, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan uyini oldidan pandus qurib berildi.
Endilikda fuqaro o‘zgalar yordamisiz bemalol ko‘chaga chiqa olish imkoniga ega bo‘ldi. Yaratilgan bu imkoniyatlardan so‘ng, fuqaro kasb-hunar egasi bo‘lish uchun oldiga maqsad qo‘ya boshladi. Fuqaroning ijtimoiylashuvi ta’minlandi.
– Oydin mahallasida jami aholi soni 10 ming 874 nafarni tashkil etadi, – deydi Qarshi shahar Oydin mahallasi ijtimoiy xodimi Yoqutxon Rajabova. – 2 ming 782 ta oila mavjud. Shundan kam ta’minlangan oilalar 105 ta. 67 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs va 6 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalarimiz bor. Faoliyatim davomida 23 ta keys ochganman. 19 ta keys bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatilgan. Yulduz opaning uyiga kelib o‘rgandim va bir qancha muammolari borligini aniqladim. Ushbu muammolar yuzasidan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga ariza kiritildi. Ijtimoiy xizmatlar belgilab olindi. Birinchi o‘rinda Yulduz opaning ijtimoiylashuvini ta’minlash va moslashtirish maqsadida xonadonining chiqish yo‘lagiga pandus qurib berildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari