Endi ajdodlar haqidagi ma’lumotlarni “Shajara” axborot tizimi orqali izlash mumkin
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar hamda arxiv sohasidagi muhim yangiliklar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda arxiv sohasini raqamlashtirish, arxiv hujjatlarini saqlash va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati hamda arxiv sohasida joriy etilayotgan yangiliklar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, joriy yilning birinchi yarim yilligida davlat arxivlarida 72 million kadr arxiv hujjatlari raqamlashtirildi. Natijada 1,3 million saqlov birligi elektron shaklga o‘tkazilib, Milliy arxiv fondi hujjatlarining raqamlashtirilgan qismi 14,3 foizga yetkazildi.
Shuningdek, davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarning yagona ma’lumotlar bazasi 1 million 158 mingdan ortiq yangi ma’lumot bilan boyitildi. Ular orasida arxiv fondlari, ro‘yxatlar, saqlov birliklari, hujjatlar va bibliografik ma’lumotlar mavjud.
Hisobot davrida davlat arxivlari saqloviga 156 mingdan ortiq saqlov birligi qabul qilinib, 348 mingdan ziyod saqlov birligining mavjudligi va holati tekshirildi. Shuningdek, 307 mingdan ortiq varaq arxiv hujjatlari ta’mirlandi, minglab saqlov birliklari muqovalandi va konservatsiya qilindi.
Matbuot anjumanida arxiv ishi va ish yuritish sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan amalga oshirilgan davlat nazorati tadbirlari, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari ko‘rib chiqilishi hamda xalqaro hamkorlik doirasida bajarilgan ishlar xususida ham ma’lumot berildi.
[gallery-30422]
Ta’kidlanganidek, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 30-iyundagi qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-avgustdan davlat organlari va tashkilotlarida arxiv ishiga oid hujjatlar elektron shaklda yuritiladi. Yangi tartib arxiv hujjatlarini shakllantirish, hisobga olish, saqlash va davlat arxivlariga topshirish jarayonlarini bosqichma-bosqich raqamli muhitga o‘tkazishni nazarda tutadi.
Matbuot anjumanida arxiv sohasidagi yana bir muhim yangilik – “Shajara” axborot tizimi taqdim etildi.
Mazkur platforma orqali fuqarolar o‘z oila shajarasini elektron shaklda shakllantirishi, ajdodlari haqida arxiv ma’lumotlarini izlashi hamda tegishli davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Tizim “FHDYOning yagona elektron arxivi”, davlat va idoraviy arxivlar ma’lumotlari bilan integratsiya qilinadi. Shuningdek, Sud-ekspertiza markazining DNK ma’lumotlari asosida etnik kelib chiqishni aniqlash xizmati ham bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, “Shajara” axborot tizimi fuqarolarning o‘z tarixiy ildizlari va ajdodlari haqidagi arxiv ma’lumotlarini izlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Kamola Yusupova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA