Elim, ona tilim, ruhimning qoni
Bu yil ona tilimiz, ulusning jonu tani - oʻzbek tilining Davlat tili maqomini olganligiga 30 yil toʻldi.
Bu yil ona tilimiz, ulusning jonu tani - oʻzbek tilining Davlat tili maqomini olganligiga 30 yil toʻldi. Millatning oʻzligi, tirikligi uning ona tili bilan oʻlchanadi. Shuning uchun jadid bobolarimizdan Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borligʻin koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur” deya qayta qayta urgʻu bergan. Ona tili ulusni ulus qiladigan bosh asoslardan biri. U millatni birlashtirib turuvchi tayanch ustundir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 4-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash davlat tilining nechogʻlik ahamiyatli, millat gʻururi va shaʼni ekanidan dalolat beradi.
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida shu sana munosabati bilan “Elim, ona tilim, ruhimning qoni” mavzuida maʼrifiy uchrashuv uyushtirildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston xalq shoiri, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Iqbol Mirzo, qoʻmita raisining oʻrinbosari Roʻzi Saidov, Oʻzbekiston xalq artisti Tesha Moʻminov, shoir Aziz Anvar hamda filologiya fanlari doktorlari, professorlar Qosimjon Fozil oʻgʻli va Qudratulla Sharifxon oʻgʻli soʻzga chiqib, ona tili nufuzini koʻtarish va uni dunyoga keng yoyishda institut talabalari yelkasida ulkan masʼuliyat borligini taʼkidladi.
Uchrashuv talabalarning badiiy-maʼrifiy chiqishlari, institutda oʻzbek tilini oʻrganayotgan chet ellik yoshlarning qutlovlariga ulanib ketdi.
Tadbir yakunida institut professor-oʻqituvchilarining Turkiy tillar tarixi, oʻzbek tili ildizlari, manbashunoslik va matnshunoslik yoʻnalishlarida nashr etgan yangi kitoblari koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtdi.