Elektron to‘lov xizmatlarida yuz berayotgan firibgarliklarga qanday barham beriladi?
Mamlakatimizda raqamli to‘lov xizmatlari bozorini rivojlantirish, moliyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish hamda to‘lov xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Tijorat banklari, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlarida bank kartalaridan foydalangan holda o‘g‘irlik hamda firibgarlik hollari sodir etilishining oldini olishga qaratilgan zamonaviy tizimlar va boshqa himoya mexanizmlarini tashkil etish zarurati yuzaga kelgan.

Bu Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida qayd etildi.
– Qonun bilan qonunchilikka operatorlar hamda to‘lov tashkilotlari faoliyatini tartibga solish, antifrod tizimini va biometrik identifikatsiya tizimlarini joriy etish, shuningdek litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, – dedi Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev. – Mazkur qonun to‘lov xizmatlari bozorida xavfsizlikni ta’minlash, moliyaviy firibgarliklarning oldini olish, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek iste’molchilar huquqlarini samarali himoyalashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi. Elektron to‘lov xizmatlarida yuz berayotgan firibgarliklarga qanday barham berilishi haqidagi savollarga Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov javob berdi.

– To‘lov xizmatlari ko‘lami keyingi paytda juda kengaydi, – dedi S.Nosirov. – Bu katta qulaylik yaratishi bilan birga ayrim xatarlarni ham yuzaga keltirdi. Bu jarayonda firibgarlik holatlari yuz berayotgani sir emas. Endilikda bu kabi salbiy holatlarga barham berish maqsadida to‘lov tashkilotlari antifrod tizimini joriy qiladi. Bu moliyaviy firibgarlikning oldini olish, tranzaksiyalarni real vaqt rejimida tahlil qilish va shubhali harakatlarni aniqlab, bloklash uchun mo‘ljallangan tizim.
Senatorlar ma’qullagan qonun raqobat muhitini ta’minlash, litsenziyalash jarayonlarini kamaytirish va banklarning to‘lov xizmatlari bozoridagi faoliyatini rag‘batlantirishga keng imkoniyatlar yaratadi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA