Elektron murojaatlar holati tahlil qilindi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan kam ta’minlangan oilalarni aniqlash mexanizmlarining amaldagi holati, ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda elektron tizimlardan foydalanish samaradorligiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi a’zolari, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi rahbar va mas’ul xodimlari, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, tuman va shahar kengashlari rahbar va mas’ul xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda kam ta’minlangan oilalarni aniqlash mexanizmlarining amaldagi holati, ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda elektron tizimlardan foydalanish samaradorligi hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish jarayonlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Axborot-tahlil sektori mudiri Bayrambay Ilyasov taqdimot qilib, mazkur tizimlarning amaldagi ishlash tartibi, ularning aholiga qulaylik yaratishdagi ahamiyati, shuningdek, ijtimoiy yordamlarni adolatli va shaffof taqsimlashdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi.
[gallery-28349]
Ta’kidlanganidek, ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan 115 turdagi xizmat ko‘rsatilib kelinmoqda. Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 54 ming 237 fuqaro Ijtimoiy reyestrga kiritilgan, 70 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatga olinib, ijtimoiy xizmatlardan foydalanib kelmoqdalar.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillariga Xalq bank tomonidan maxsus “Baraka” plastik kartasi joriy etilgan bo‘lib, 15 kategoriyadagi shaxsga bepul aylanma va foydalanishga ega bo‘ladi. Ushbu plastik karta egalariga 16 turdagi yengillik va ijtimoiy kafolat berilgan. Shuningdek, bugungi kunda barcha mahallalarga ijtimoiy xodim biriktirilib, manzilli ijtimoiy xizmatlar samarali tashkil etilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, 2025-yil davomida kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash uchun taqdim etilgan jami 237 ming 332 ariza belgilangan muddatda ko‘rib chiqilishi ta’minlangan. Fuqarolar tomonidan bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun masofadan elektron shaklda ariza bilan murojaat qilish joriy etilishi natijasida, vaqt va mablag‘ning tejalishiga, inson omilisiz nafaqa tayinlanishi bo‘yicha ishonchning ortishiga erishildi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash jarayonining avtomatlashtirilishi natijasida inson omili ishtiroki keskin kamaygan. Elektron tizimdan foydalana olmaydigan toifadagi oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash bo‘yicha mahallalarda xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlar tomonidan arizalarini planshet orqali elektron qabul qilish tashkil qilingan.
Jamoatchilik eshituvi tadbirida murojaatlar qanday shaklda va tartibda berilishidan qat’iy nazar, tezkor ravishda manzilli ko‘rib chiqilishi lozimligi ta’kidlandi. Xalq demokratik partiyasi deputatlari deputatlik nazoratini amalga oshirishda mana shu prinsipga suyanishi bildirildi.
Fuqarolarning arizalariga asosan bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun elektron shaklda ariza topshirishda byurokratik to‘siqlar kamaydi, ya’ni qog‘ozbozlik yo‘q bo‘ldi. Shuningdek, bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash bo‘yicha qaror qabul qilish muddati kamaydi. Albatta, bu borada hududlardagi mutasaddi xodimlar katta mas’uliyat va faollik bilan ishlashi talab etiladi.
Eshituvda yana bir muhim masalaga e’tibor qaratildi. Bu – Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarmasi bilan birga partiya elektorati vakillarining huquqiy va axborot texnologiyalaridan xabardorligini oshirib borish masalasidir. Hozir uydan chiqmasdan yoki ishidan, mashg‘ulotidan uzilmasdan, yo‘llarga chiqib, ovora bo‘lmasdan, elektron platformalar orqali murojaat yo‘llash va masalalarni hal qilish mumkin. Lekin o‘rganishlarda deputatlar aholi bu yangiliklardan uncha xabardor emasligiga ham amin bo‘lishdi. Xabardorlikni, ilg‘or tajribalarga intilishni hamkorlikda kuchaytirishga kelishib olindi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zosi Sayyora Imamova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi a’zolari Aysanem Alliyarova, Biybixan Utambetova, Nukus shahar Kengashidagi partiya guruhi a’zosi Qutlimurat Qalxorazov o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar va tegishli vazifalar belgilab olindi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA.