Elektromobil olmoqchi bo‘lganlarga kredit foizining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi
Elektromobil xarid qilishni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun yangi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etilmoqda. 2026-yil 1-avgustdan boshlab belgilangan shartlarga javob beradigan avtokreditlar bo‘yicha dastlabki ikki yilda kredit foizining 16 foizdan oshadigan qismi, biroq 8 foiz bandigacha bo‘lgan miqdori davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi.
Aholiga elektromobil sotib olish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqidagi Hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, belgilangan talablarga javob beradigan elektromobillarni xarid qilish uchun olingan avtokreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan kompensatsiya qilinishi taklif etilmoqda.
Yangi mexanizm aholining elektromobillardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ekologik toza transport vositalariga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish hamda ularni xarid qilishdagi moliyaviy yukni kamaytirishga qaratilgan.
Kredit miqdori va elektromobil qiymati qancha bo‘ladi?
Loyihaga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan boshlab jismoniy shaxslarga birlamchi bozordan elektromobil sotib olish uchun tijorat banklari tomonidan 300 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda avtokredit ajratilishi nazarda tutilmoqda. Bunda xarid qilinadigan elektromobil qiymati BHMning 1000 baravaridan oshmasligi kerak.
Kredit foizining qancha qismi qoplanadi?
Taklif etilayotgan mexanizmning asosiy jihati — kreditning dastlabki ikki yili davomida foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Xususan, kredit foiz stavkasining 16 foizdan oshadigan, biroq 8 foiz bandidan yuqori bo‘lmagan qismi davlat tomonidan qoplab berilishi taklif etilmoqda. Masalan, kredit stavkasi 20 foiz bo‘lsa, 16 foizdan yuqori bo‘lgan 4 foizlik qism kompensatsiya qilinadi. Agar stavka 25 foizni tashkil etsa, 16 foizdan yuqori bo‘lgan 9 foizlik qismning 8 foiz bandigacha bo‘lgan qismi kompensatsiya doirasiga kiradi. Shu tariqa, elektromobil xarid qiluvchining kredit bo‘yicha dastlabki ikki yildagi foiz yukini kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Kimlar kompensatsiya olishi mumkin?
Loyihada kompensatsiya olish uchun fuqarolarga bir qator talablar qo‘yilmoqda. Jumladan, qarz oluvchi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi, tijorat banki tomonidan kreditga layoqatli deb topilishi, murojaat vaqtida muddati o‘tgan kredit qarzdorligiga ega bo‘lmasligi, elektromobilni birlamchi bozordan xarid qilishi, avtokreditni milliy valyutada olishi kerak. Shuningdek, kompensatsiya tashqi elektr manbaidan quvvatlanadigan, faqat elektr dvigateli bilan harakatlanadigan va ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lmagan M1 kategoriyadagi transport vositalari uchun ajratilgan kreditlarga tatbiq etilishi belgilanmoqda.
Kompensatsiya olish uchun nima qilish kerak?
Fuqaro elektromobil xarid qilish uchun bankka avtokredit olish maqsadida murojaat qilganda, zarur hujjatlar bilan birga kompensatsiya olish istagini arizada alohida ko‘rsatishi lozim. Bank fuqaroning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganib, avtokredit ajratish yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qiladi. Agar kompensatsiya berish rad etilsa, bank bu haqda fuqaroni uch ish kuni ichida rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda xabardor qilishi kerak. Shu bilan birga, kompensatsiya ajratilishi avtokredit shartnomasida alohida ko‘rsatilishi va uning miqdori qayd etilishi nazarda tutilmoqda.
Kompensatsiya mablag‘i fuqaroga qanday beriladi?
Kompensatsiya fuqaroga naqd pul shaklida berilmaydi. Loyihaga muvofiq, Iqtisodiyot va moliya vazirligi kompensatsiya mablag‘larini bankning tegishli hisobvarag‘iga o‘tkazadi. Bank esa mablag‘larni bir ish kuni ichida qarz oluvchining kredit shartnomasiga muvofiq hisobga oladi. Demak, davlat tomonidan qoplanadigan mablag‘ fuqaroning qo‘liga alohida pul sifatida berilmaydi, balki kredit bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi.
Qaysi hollarda kompensatsiya to‘xtatiladi?
Kompensatsiyani ajratish belgilangan shartlar buzilgan taqdirda to‘xtatilishi mumkin. Jumladan, qarz oluvchi kredit to‘lovlarini uch oy ketma-ket amalga oshirmasa, kredit va unga hisoblangan foizlar muddatidan oldin to‘liq undirilsa yoki to‘lansa, kredit shartnomasi bekor qilinsa yoxud haqiqiy emas deb topilsa, kompensatsiya to‘xtatiladi. Shuningdek, qarz oluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlansa ham kompensatsiya berish to‘xtatilishi mumkin.
Loyihaga ko‘ra, 2026-yilda kompensatsiya xarajatlari respublika byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanishi nazarda tutilmoqda. 2027–2030-yillarda esa elektromobil xaridini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun kompensatsiya mablag‘lari aholi talabidan kelib chiqib, Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishi taklif etilmoqda. Umuman, mazkur mexanizm elektromobil xarid qiluvchilarning kredit bo‘yicha foiz yukini kamaytirish bilan birga, mamlakatda ekologik toza transport vositalaridan foydalanishni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Sh. Mamaturopova,
O‘zA