Eldor Aripov: "Markaziy Osiyo va Xitoy hamkorligi yangi bosqichga ko‘tariladi"
Bishkek shahrida “Yuqori sifatli rivojlanish va birgalikda modernizatsiya” mavzusida "Xitoy – Markaziy Osiyo” tahlil markazlarining VI forumi bo‘lib o‘tdi.
22-oktabr kuni o‘tkazilgan tadbirda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi tahlil markazlari, davlat idoralari vakillari hamda ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etib, mintaqaviy hamkorlik istiqbollari va modernizatsiya jarayonlarini birgalikda amalga oshirishning amaliy yondashuvlarini muhokama qildilar.
Forum ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov videomurojaat yo‘lladi. U o‘z nutqida Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi doirasida erishilgan asosiy natijalar va o‘zaro hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlarini qayd etib, sheriklikni yanada rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi.
SMTI direktori forumning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mazkur forumning “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitlari yakunlari bo‘yicha ikki marta alohida qayd etilgani davlatlar rahbarlari ekspertlar muloqotini shunchaki rasmiyatchilik emas, balki o‘zaro hamkorlikning samarali vositasi sifatida ko‘rayotganidan dalolat beradi.
E.Aripov sheriklikning mustahkam siyosiy poydevori Astana deklaratsiyasi hamda Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma orqali yaratilganini ta’kidladi. Ushbu hujjatlar kelgusi o‘n yilliklar uchun hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, SMTI direktori 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 106 milliard dollardan oshgani va yil davomida 12 foizga ko‘payganini qayd etdi. Shu bilan birga, Xitoy mintaqadagi barcha besh davlatning yetakchi savdo hamkori maqomini saqlab qolmoqda.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. So‘nggi besh yil ichida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi uch barobar oshib, qariyb 18 milliard dollarga yetdi. Xitoy investitsiyalari hajmi esa besh barobar ko‘payib, 17 milliard dollarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, E.Aripov erishilgan natijalar oldinga qo‘yilgan barcha maqsadlarga hali to‘liq erishilganini anglatmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, o‘zaro savdo tarkibi hamon hamkorlarning manfaatlari va imkoniyatlarini to‘liq aks ettirmayapti.
Shu nuqtai nazardan, transport tarmoqlarini rivojlantirish, jumladan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish alohida ahamiyat kasb etadi. SMTI direktorining fikricha, yangi yo‘nalishlar nafaqat tranzit tashuvlarini ta’minlashi, balki to‘laqonli iqtisodiy koridorlarga aylanishi ham muhimdir.

Bundan tashqari, ekspert sanoat va raqamli hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladi. Bunda, eng avvalo, standartlarni, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yondashuvlarini hamda xavfsizlik protokollarini muvofiqlashtirish masalalari nazarda tutiladi. Bu esa mintaqa mamlakatlari va Xitoy iqtisodiyotlari o‘rtasida barqaror aloqalarni shakllantirish uchun muhim shart hisoblanadi.
E.Aripovning ta’kidlashicha, sheriklikning hozirgi bosqichidagi asosiy vazifa hamkorlik ko‘lamini kengaytirishdan uning sifatini oshirishga, tovarlar savdosidan ishlab chiqarish kooperatsiyasiga, loyihalar almashinuvidan esa boshqaruv tajribasi almashinuviga o‘tishdan iborat bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, SMTI direktori modernizatsiya jarayoni hamkorlar bir-biridan o‘rgangan holda, o‘zga modellardan shunchaki nusxa ko‘chirmagan taqdirdagina samarali bo‘lishini alohida qayd etdi. Ushbu jarayonda tahlil markazlarining mas’uliyati ortib boradi. Ular turli yondashuvlarni qiyosiy tahlil qilish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni oldindan aniqlash hamda muammolar paydo bo‘lishidan avval tegishli yechimlarni taklif etishga da’vat etilgan.
Shu nuqtai nazardan, E.Aripov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uzoq muddatli rejalashtirish vazifalarini hal etishda ekspertlar hamjamiyatining muhim rolini bir necha bor ta’kidlaganini eslatib o‘tdi.
Nutqining yakunida ekspert mazmunli va ochiq muloqot yangi g‘oyalarni ishlab chiqish imkonini berishiga, ular kelgusida muayyan siyosiy qarorlarda o‘z aksini topib, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikka qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.
O‘zA