“El-yurt umidi” stipendiati o‘z majburiyatlarini bajarmasa, unga sarflangan mablag‘ undiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda dastlab mamlakatimiz hayotiga doir muhim voqeliklarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shundan so‘ng “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Deputat Shuhrat Yoqubov qayd etganidek, ushbu qonun loyihasi bilan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatining majburiyatlarini aniq belgilash, jamg‘arma tomonidan sarflangan mablag‘larni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo kiritishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilishni nazarda tutuvchi normani kiritish taklif etilmoqda.
[gallery-28468]
Gap shundaki, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijda tahsil olayotgan stipendiatlar ayrim hollarda O‘zbekistonga qaytib kelmayapti. Shartnomada esa ta’limni tugatgandan keyin stipendiat O‘zbekistonga qaytib kelishi ko‘zda tutilgan. Endilikda stipendiat o‘z majburiyatlarini bajarmasa, Jamg‘arma uning uchun sarflangan mablag‘larni sud orqali undirib olishi mumkin va bunda Jamg‘arma davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.
Shuningdek, loyihada idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish tartibini soddalashtirish hamda muddatlarni qisqartirish nazarda tutilmoqda. Xususan, bunday hujjatlar loyihasining jamoatchilik muhokamasi muddatini 10 kun etib belgilash, 5 kun ichida taklif kelib tushmagan taqdirda loyihani huquqiy ekspertizaga kiritish imkoniyatini berish, shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatini 20 kunga qisqartirish taklif etilmoqda.
Muhokamalarda bir qator savollar ko‘tarildi va mas’ullar tomonidan tegishli javoblar qaytarildi.
Jumladan, O‘zMTDP fraksiyasi rahbari A.Qodirov stipendiat magistr va doktorantlar o‘z ilmiy tadqiqot ishlarini o‘z vaqtida himoya qila olmagan holatda ham sarflangan mablag‘lar undirib olinadimi, degan savolni o‘rtaga tashladi. Uning fikricha, ilm uch yilda emas, balki to‘rt-besh yilda qilinishi mumkin. “El-yurt umidi” jamg‘armasidan maqsad iqtidorli kadrlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Agar tadqiqotchi ilmiy ishini uch yil emas, uch yarim yilda yakunlagani uchun mablag‘ni qaytarish chorasi qo‘llaniladigan bo‘lsa, O‘zbekiston bitta iqtidorni yo‘qotadi. Ilm uchun vaqt kerak.
Ushbu masala turli tortishuvlarga sabab bo‘ldi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi rahbari stipendiat shartnomada belgilangan shartlarni bajarishi kerakligini ta’kidladi. Ayrim deputatlar esa bu shartnomada ko‘zda tutiladigan masala ekanini qayd etdi.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA