EL BOSHIGA ISH TUSHGANDA: koʻp qavatli uy xonadonlarida ham kartoshka yetishtirish mumkin...
Poytaxtimizning Uchtepa tumanida hovlida turadigan, tomorqasi bor oilalar ham koʻpchilikni tashkil etadi.
Poytaxtimizning Uchtepa tumanida hovlida turadigan, tomorqasi bor oilalar ham koʻpchilikni tashkil etadi. Shunday xonadonlarda tomorqadan samarali foydalanish qanday yoʻlga qoʻyilayotganini bilish maqsadida tuman hokimligi mutasaddi rahbarlari bilan telefon orqali bogʻlandik.
– Tomorqasi bor aholi xonadonlariga kirib, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini ekishni tavsiya qilyapmiz, – dedi tuman hokimi oʻrinbosari Bobur Mirzayev. – Tomorqasiga eʼtiborsizlik bilan qaragan xonadon egalarini ogohlantiryapmiz. Aholida tomorqaga ekish uchun urugʻ, transport masalalari boʻyicha muammo boʻlsa, tuman hokimligi yordam bermoqda.
Kuni kecha tuman hokimligida tashkil etilgan ishchi guruh Koʻksaroy mahallasida boʻldi. Shu mahallada istiqomat qiluvchi A.Muzaffarov xonadoniga kirsangiz koʻzingiz quvnaydi. Tomorqada bir qarich yer boʻsh turganini koʻrmaysiz.
Otaxon yigirma yildan buyon kartoshkani yetishtiradi. Tajribali tomorqachi dehqon koʻp qavatli xonadonlarda ham kartoshka yetishtirish mumkinligini aytdi.
– Avvalo, yaxshi kartoshka urugʻini olib, uni yertoʻladagi somon ustiga yoyib qoʻyaman. Yaxshi nish chiqarishi uchun suv sepib turaman. Soʻng qopga 70 foiz chirindi va 30 foiz tuproq solinadi. Bitta qopga jami 8 kilogramm oʻgʻit va tuproq joylanadi. Qopning oʻrtasiga bitta kartoshka urugʻini ekamiz. Shundan soʻng qoplar quyosh nuri yaxshi tushadigan joyga qoʻyiladi. Kartoshka palagi paydo boʻlib, 7 santimetrcha oʻsgach, ozgina uchi qoldirilib, yana ustidan chirindili tuproq solinadi va qop chetlari koʻtariladi. Yana moʻl-koʻl suv quyiladi. Bu ish qopning to 3 dan 2 qismi toʻlgunga qadar davom ettiriladi. Umuman olganda, qopni boʻgʻzigacha ham toʻldirish mumkin. Toʻqson kundan keyin qopda ungan kartoshkadan 2 kilogrammgacha hosil olish mumkin. Biz kartoshka, piyoz, sabzini bozordan xarid qilmaymiz. Hammasini oʻzimiz yetishtiramiz.
Otaxonning aytishicha, oʻtgan yili 7 mingta qopga kartoshka ekib, 13 tonna hosil olgan ekan. Bu usul oson, qulay va eng muhimi kichkina joydan moʻl hosil olish imkonini beradi.
Mirishkor joriy yilda 6 sotix tomorqasidagi yerga 300 kilogramm kartoshka urugʻini ekkan. 3 tonna hosil olishni rejalashtirgan. Yana bir maʼlumot, kartoshka chuqur ekilsa, poyasi baquvvat boʻlib oʻsar ekan. Ammo bunda kartoshka hosili kam va maydaroq boʻladi.
– Mahallamizdagi 400 ga yaqin oila oʻz tomorqasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiradi, – deydi “Koʻksaroy” MFY raisi Roʻziboy Mutalov. – Tajriba sifatida asfalt ustiga kartoshka ekkan tadbirli kishilar ham bor. Yerni tejash maqsadida yelim idishni kesib, unumdor tuproq toʻldirib shivit, piyoz, turli koʻkatlar yetishtirib, roʻzgʻorini obod qilayotgan oilalarni ham uchratish mumkin.