EL BOSHIGA ISH TUSHGANDA
Bu kabi xavotirga berilgan hamyurtlarimiz talay.
“Eshitdingizmi, narx-navolar keskin osharmish”...
“...Eshitdingizmi? Karantin tufayli barcha tashqi va ichki kirish-chiqish yoʻllarimiz yopilgani, tadbirkorlar ishni vaqtinchalik toʻxtatgani bois bozorlarda narx-navo keskin koʻtarilib ketarmish! Shuning uchun ikki oylik roʻzgʻor qildim. Kiyim-kechaklar oldim... ”
Bu kabi “mish-mish”lar bugunning dolzarb mavzusiga aylanib qoldi. Koronavirus ham ikkinchi oʻrinda qolib ketdi!
Bu kabi xavotirga berilgan hamyurtlarimiz talay. Har kuni ommaviy axborot vositalari orqali mamlakatimizda oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarning keragidan ortiq zaxirasi mavjudligi bot-bot takrorlanishiga qaramay yolgʻon maʼlumotlarga ishonib, behudaga xavotirga berilayotgan yurtdoshlarimizga shunday degan boʻlar edik: Mamlakatimizda koronavirus bilan bogʻliq karantin boʻlgani bilan yurtimiz fermerlariyu tadbirkorlari ishni siz aytgandek toʻxtatib qoʻygani yoʻq. Aksincha, tadbirkorlarimiz ishni jadallik bilan olib bormoqda.
Keling, quruq gapirgandan koʻra, aniq misollar bilan fikrimizni davom ettirsak. Buni Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi “BEK CLUSTER” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona misolida kuzatamiz.
“BEK CLUSTER” xolding kompaniyasi yirik tadbirkorlik subyektlaridan biri boʻlib, unga Mirzaobod tumanida 28 ming 409,7 gektar yer ajratilgan. Mazkur koʻp tarmoqli klaster tomonidan tumanda 100 gektar maydonda issiqxona tashkil etilgan. Bu yerda yiliga 25 million dollarlik mahsulot yetishtiriladi.
Qoʻshma korxona tarkibiga iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat olib borayotgan oʻnlab korxonalar kiradi. Mazkur korxonalarda farmatsevtika buyumlari, paxta va gʻalla mahsulotlarini yetishtirish, tort va shirinliklar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, tekstil mahsulotlari chakana va ulgurji savdosi, qum va shagʻalni daryo boʻyidan karyer usulda qazib olish, baliq, baliq chavaqlari yetishtirish va baliqni qayta ishlash, ov turizmi, issiqxona-limonariy, qishloq xoʻjaligi texnikalariga servis xizmati koʻrsatish kabi yoʻnalishlar, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlaridan tortib, toʻqimachilik, temir-beton mahsulotlarigacha boʻlgan jarayonni oʻz ichiga oladi.
Mazkur korxona mahsulotlari ichki bozorlarimizni toʻldirib, qolgan qismi Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston va Turkiya kabi davlatlarga eksport qilinadi. Jumladan, 2019-yilda korxona tomonidan qariyb 35,5 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Oʻtgan yilda korxonada bir qancha istiqbolli loyihalar ishga tushirildi. Xususan, 200 gektar yerda intensiv uzumzor tashkil etildi. “BEK CLUSTER” MCHJ masʼullari hududdagi aholi bandligini taʼminlash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida Global ekologik jamgʻarma, Jahon banki, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) kabi xalqaro tashkilotlar grantlari asosidagi loyihalarni amalga oshirish rejasi borligini ham bayon qildi. Jumladan, yana 2 ming gektar maydonda tuya va yilqi boqish yoʻlga qoʻyiladi. Shu asosda hududda tuya suti bilan muolaja olib boradigan klinika ochiladi. Qolaversa, 8 ta bogʻcha tashkil etilib, klaster korxonasi xoʻjaligi atrofida yashovchi aholi farzandlariga maktabgacha taʼlim jarayoniga qatnash imkoniyati yaratiladi. 200 gektar yerda intensiv anor bogʻi tashkil etish, oʻsimlik yogʻi va omuxta yem ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish, goʻsht yetishtirishga ixtisoslashgan boʻrdoqichilik kompleksi tashkil etish, tibbiy bogʻlama vositalari ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan.

Kompaniya tarkibidagi korxonalarda 5 ming nafardan ortiq ishchi-xodimlar mehnat qilmoqda.
– Prezidentimizning 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, tadbirkorlik subyektlari uchun yengilliklar yaratildi, – deydi “BEK CLUSTER” MCHJ asoschisi Ulugʻbek Sotiboldiyev. – Koronavirus pandemiyasi oqibatida kelib chiqqan global inqirozning salbiy taʼsiri kompaniya tarkibidagi korxonalarda ham sotuv hajmining pasayishi, pul oqimining kamayishi koʻrinishida sezilmoqda. Ammo bu koʻpga kelgan toʻy. Bunday sharoitda biz hukumatimiz tomonidan berilgan yengillik va imtiyozlardan, qolaversa, oʻz ichki imkoniyatlarimizdan maksimal darajada foydalanib, ishlab chiqarish hajmini qisqartirmaslikka harakat qilayapmiz. Ichki bozorlarimizga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari –goʻsht, sut, sut mahsulotlari, baliq va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berayapmiz. Maqsadimiz bozorimizni arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, xalqimizning duosini olish.
Xalqimizda “El boshiga ish tushganda, mard yigitlar yurtga qalqondir”, degan naql bor. Bu naqlga “BEK CLUSTER” MCHJ tomonidan nafaqat karantin sharoitida, balki doimiy ravishda amal qilinadi. Jumladan, Sirdaryo viloyatining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga moddiy yordam berib kelinadi. Xususan, Mirzaobod tumanida istiqomat qiluvchi 50 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga 1 qopdan un, 1 qopdan kartoshka, 5 litrdan oʻsimlik yogʻi berildi. Guliston shahar dehqon bozorida aholining kam taʼminlangan qatlami uchun 5 ming dona tibbiy niqob bepul tarqatildi. Amaldagi bu saxovatli ishlar haqiqiy er yigitlarga xos fazilat. Bundan tashqari, Guliston shahridagi Mehribonlik uyi, Sirdaryo viloyati karlar jamiyati, Guliston davlat universiteti hamda boshqa koʻplab tashkilot va muassasalar bilan doimiy hamkorlik oʻrnatilib, moddiy-maʼnaviy yordam berib kelinmoqda.
Korxona ayrim “tadbirkorlar”ga oʻxshab el boshiga ish tushganda narxlarni oshirmadi. Yoki nima boʻlar, ekan deb chetda qarab turmadi. Eʼtiborli jihati, “BEK CLUSTER” MCHJ tarkibidagi paxtachilikka ixtisoslashgan “Mirzaobod universal trade cluster” MCHJ 2019-yilda paxta yetishtirishda 304 gektar yerga tomchilatib sugʻorish texnologiyasini qoʻllab, yuqori natijaga erishdi. 2020-yilda 6 ming gektar paxta maydonida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida paxta yetishtirish rejalashtirilgan boʻlib, Xitoyning “XINJIANG ALQUN IMPORT AND EXPORT TRADE CO., LTD” kompaniyasi bilan qariyb 4,5 million yevroga tomchilatib sugʻorish tizimi uskunalarini olib kelish boʻyicha shartnoma imzolangan.
MCHJ tarkibidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi korxonalarda raqamli texnologiyalarning soʻnggi yutuqlari qoʻllanilmoqda. Xususan, Belorussiyaning “TECHNOTON” kompaniyasining yoqilgʻi sarfini nazorat qiluvchi raqamli-intellektual datchiklari, AQSHning “Trimble Inc” kompaniyasining yerni tekislash, ekish, ekin orasiga ishlov berish jarayonlarini boshqarib, nazorat qiluvchi uskunalari, “New Science Technologies” kompaniyasining “Cropio” dasturi shular jumlasidandir. “Cropio” dasturi qishloq xoʻjaligi yerlarini distansion nazorat qilish asosida ekin maydonlarini operativ monitoring qilish, avtohujjatlashtirish, qishloq xoʻjaligi operatsiyalarini prognozlashtirish va rejalashtirish imkonini beradi.
– Raqamli texnologiyalarning qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga joriy etilishi sifatli mahsulot garovidir, – deydi “BEK CLUSTER” MCHJ iqtisodchisi Zafar Qudratov. – Joriy yilda kompaniya tomonidan yetishtiriladigan va ishlab chiqariladigan paxta-toʻqimachilik mahsulotlari hajmini oʻtgan yildagiga qaraganda oshirib, 46 ming 466 tonna paxta xomashyosi, 15 ming 333 tonna paxta tolasi, 13 ming 22 tonna pryaja, 10 ming 417 tonna mato, 29 764 ming dona trikotaj mahsulotlari, 23 ming 233 tonna chigit, 765 tonna sara urugʻlik chigit tayyorlash maqsad qilingan.
Xitoy davlat va jamoat arbobi Mao Szedunning “Oʻzgarishlar shamolini his qilgan odam, shamoldan panalishi kerakmas, aksincha, u shamol tegirmoni qurishi lozim”, degan mashhur iborasi bor. Mahalliy tadbirkorlarimiz mazkur vaziyatni oʻziga xos imkoniyat sifatida qabul qilishi va bunda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda yangi bozorlar izlab topishga katta eʼtibor qaratishi lozim.