EL BOSHIGA ISH TUSHGANDA
Bugun dunyoning yetti yarim milliarddan ortiq aholisini bitta musibat birlashtirib turibdi – koronavirus! Ayni damda u bilan ogʻriganlar soni 800 ming, qurbonlar 40 mingga qarab bormoqda.
DUNYO ISITMA ICHIDA YOTGAN BEMORGA OʻXSHAYDI...
Bugun dunyoning yetti yarim milliarddan ortiq aholisini bitta musibat birlashtirib turibdi – koronavirus! Ayni damda u bilan ogʻriganlar soni 800 ming, qurbonlar 40 mingga qarab bormoqda. Va, afsuski, bu raqamlar hali-veri toʻxtamaydigan koʻrinadi...
Har kim oʻz dardida...
Shu azim dunyoning bir parchasi boʻlgan Vatanimizning ham bugungi kundagi eng birinchi muammosi ayni shu darddan tezroq xalos boʻlish, unga qarshi kurashish, uning xavfini bartaraf etish. Davlatimiz ham butun kuch va eʼtiborini shu masalaga qaratgan – nima boʻlsa-da, kasallik tarqalishiga yoʻl bermaslik, bemorlarni tezroq oyoqqa turgʻazish, imkon boricha, qurbonlar sonini kamaytirishga erishish. Bu ish qanchalik ogʻirligini hammamiz tushunib turibmiz.
Ayni damda hammaning eʼtibori umid va qoʻrquv ila koranavirus haqidagi xabarlarga qaratilgan. Bugun qancha odam bu dard bilan ogʻridi? Qancha odam tuzaldi? Bu darddan xalos boʻlishning biror chorasi bormikin?
Albatta, bugungi statistika kechagidan tamoman farq qiladi. Kasallanganlar, sogʻayganlar va qurbonlar soni ham, eng avvalo, mamlakat va undagi fuqarolarning dunyoqarashi, hamjihatligi, turmush tarziga bogʻliq turibdi.
Koronavirus barchani niqobga kiritish barobarida yana kimlarningdir niqobini ham ochib tashlamoqda. Kimning kim ekanligi, nima uchun yashayotgani, asl basharasi ham ana shunday sinovli kunlarda fosh boʻlmoqda. Kimdir imkon qadar borini el bilan baham koʻrib, ogʻir kunida yon bossa, yana kimdir bir tangalik molini oʻn tangaga pullab, “bir nimalik boʻlib qolish” payiga tushgan.
Yana kimdir imkon darajasida karantin qoidalariga amal qilib, oila aʼzolari va atrofidagilarni ham ana shu talablarga rioya qilishga undasa, yana kimdir oʻlar-tirilariga qaramay, oʻzini bozor-oʻcharga, oziq-ovqat gʻamlashga uryapti. Yana kimdir virtual olamda koʻproq eʼtiborni tortish, “layk” yoki “follover” toʻplash ilinjida boʻlar-boʻlmas maʼlumotlarni tarqatish bilan ovora.
Vahimadan yiroq boʻling!
Ayni damda hammamiz bitta kemada ekanimizni unutmasligimiz lozim. Kemaga tushganning joni bir, deb bejiz aytishmagan. Bitta narsani har birimiz anglab olaylik. Jahon bunday musibatlarni birinchi bor boshidan kechirayotgani yoʻq. Avval ham son-sanoqsiz insonlarni komiga tortgan bedavo dardlar koʻp tarqalgan. Biroq, yana oʻshanday talafotlarga duch kelarkanmiz, deya vahimaga tushishning ham keragi yoʻq.
Avvalo, Yaratganning oʻzi hammasini koʻrib, bilib turibdi. Qolaversa, bizning mamlakatimiz birinchi bemor aniqlangan kundan boshlab, ehtiyot choralarini tobora kuchaytirmoqda. Bularning barchasi ushbu dardning payini qirqish uchun. Shunday ekan, bozorlarda, boshqa hududlarda sunʼiy tirbandliklar yaratib, xavf-xatarni orttirishdan maʼni yoʻq.
Xalqimiz oʻzining koʻp ming yillik tarixi davomida bir necha bunday ofatlar bilan ham toʻqnashgan. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobida qayd etilishicha, atoqli adibimizning katta bobolari Abulqosim eshon 1892-yilda Toshkentda tarqalgan vabo va u bilan bogʻliq tartibsizliklarni bartaraf ettishda katta hissa qoʻshgan, xalqni turli asossiz vahimalardan qaytargan, xalq boshiga tushgan vaboga ul zotning oʻzi balogardon boʻlgan ekan. Hatto mamlakatimizga rus istildochilari bilan kelgan ilk ziyolilardan biri Ostroumov ham bu hodisadan hayratga tushgan...
Darhaqiqat, xalqimiz bilib aytganidek, “dard bergan davosini ham beradi”. Yaʼni, birinchi oʻrinda umidsizlikka, vahimaga tushmaslik kerak.
Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez tarqalayotgan bir rivoyatni yana bir bor eslataman. Bir kishi yoʻlda vaboni uchratib undan qayerga ketayotganini soʻrabdi. “Falon shaharga, besh ming kishining jonini olgani” deb javob beribdi vabo. Oradan bir muddat vaqt oʻtib, oʻsha shaharda 50 ming kishi nobud boʻlibdi. Kunlarning birida haligi kishi yana koʻchada vaboni uchratib uni savolga tutibdi: “sen 5 ming kishining jonini olmoqchi eding-ku?”, “Ha, men faqat 5000 kishining jonini oldim, qolganlarni qoʻrquv va vahima ado qildi”.
Beparvolikka ham berilmang!
Bu rivoyat qanchalik toʻgʻri ekanini hayotda ham koʻrib turibmiz. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti mutaxassislarining aytishicha, keyingi paytlarda yurak-qon tomir, asab va boshqa xastaliklarga chalinish surʼati ham ortgan. Bunga ham koronavirus xavfidan haddan ortiq vahimaga tushish sabab boʻlsa ajab emas.
Toʻgʻri, bu xastalik befarqlikni, xotirjamlikni yoqtirmaydi. Bir paytlar “Koronavirus bizga xavf sololmaydi, biz bu kasallikni yuqtirib olishdan qoʻrqmasligimiz kerak” deya beparvolikka berilgan Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning oʻzi ham bir hafta oʻtar-oʻtmas mamlakatda vaziyat jiddiy ekanini tan olib, fuqarolarni ehtiyotkorlikka chaqirdi. Koʻp oʻtmay, uning oʻzi ham shu dardga yoʻliqqani maʼlum boʻldi.
Belarus rahbari ikki kun avval xokkey chempionatida qatnashib, “muz bu eng yaxshi antivirus, bizga kasallik yuqmaydi” deb intervyu bergan boʻlsa, ertasi kuni mamlakatda bu kasallikka chalinganlar soni 50 foizga oshgani aniqlandi. Xullas, koronavirus bilan hazillashib boʻlmaydi.
Virus issiqda chekinarmikin?
Bundan ancha payt avval BMT huzuridagi Xalqaro vaksinalar instituti rahbarining oʻrinbosari Mixail Favorov Markaziy Osiyoning oʻziga xos quruq va issiq iqlimi koronavirusning keng tarqalishiga imkon bermasligini taʼkidlagan edi. Afsuski, bugungi kunda mintaqamizdagi uchta davlatda (Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston) bu kasallik qayd etildi. Shunga qaramay, hali Tojikiston va Turkmanistonda bu xastalikka uchraganlar aniqlanmagan. Bu esa, maʼlum maʼnoda har birimizni quvontiradi.
Koronavirus xaritasiga eʼtibor bersak, bu kasallik asosan nam, harorat nisbatan past mamlakatlarda shiddat bilan tarqalmoqda. Koronavirus qurbonlarining uchdan ikki qismi tibbiyot, gigiyena, madaniyat, dunyoqarash nihoyatda yuqori boʻlgan Yevropa mamlakatlariga toʻgʻri kelmoqda.
Aholining turmush darajasi va iqtisodiy salohiyati nisbatan past boʻlgan aksariyat Afrika davlatlarida kasallanish darajasining oʻsishi deyarli kuzatilmayapti. Masalan, 31-mart holatiga koʻra, Markaziy Afrika Respublikasida 5 nafar, Chadda 5 nafar, Sudan va Mavritaniyada 6 nafar, Angolada 7 nafar, Mozambik va Liviyada 8 nafar kishi koronavirusga chalingan va bu raqamlar bir necha kunlardan beri oʻzgarmay kelayotir. Gʻarbiy Sahroi Kabir, Burundi, Lesoto, Syerra-Leone, Janubiy Sudan, San-Tome va Prinsipi kabi davlatlarda bu kasallik hali uchramagan. Balki bu mamlakatlarda tibbiy tekshiruv, nazorat yetarlicha emasdir? Lekin, xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti dunyoning barcha mintaqalari va mamlakatlarida nazoratni kuchaytirmoqda.
“Afrikada JAR, Misr, Marokash singari mamlakatlarda bu kasallik ancha keng tarqalgan” deyishingiz mumkin. Biroq, bu mamlakatlarda turizm, iqtisodiyot, tashqi aloqalar qitʼaning boshqa davlatlarga nisbatan ancha taraqqiy etgan. Chiqish-kirish koʻrsatkichlari ancha yuqori. Ushbu mamlakatlarda kasallik asosan xorijlik fuqaroalarda yoki xorijiy mamlakatlarda boʻlib qaytganlar orasida koʻproq aniqlangan.
“Hammasi yaxshi boʻladi!”
Bundan ancha avval mamlakatimiz mutaxassislari ham oʻta issiq va quruq ob-havo koronavirus tarqalishining oldini oladi, deb aytgan edi. Men-ku, bu borada mutaxassis emasman, ammo yuqoridagi raqamlar ham bu fikrni tasdiqlab turibdi. Demak, mamlakatimizda ham kunlar isiy boshlashi bilan bu xastalik chekinishiga umid qilsak boʻladi.
Koronavirus qanday havo haroratida nobud boʻladi, degan savollarga ham turlicha javoblar qaytarildi. Kimdir 30 darajadan yuqori haroratni belgilagan boʻlsa, yana birov 40 daraja issiq virusga halokatli taʼsir koʻrsatishini aytdi. Oʻzimizning mutaxassislarimiz bir qator brifinglarda koronavirus mavsumiy kasallik ekanini, havo haroratining koʻtarilishi uni yengishda yordam berishini taʼkidlashmoqda.
Hukumatimiz xalqni bu ofatdan asrash uchun barcha choralarni koʻrmoqda. Koʻp ming kishilik karantin markazlari, shifoxonalar bunyod etilmoqda. Tibbiyot xodimlari, fidoyi insonlar kecha-yu kunduz sergak. Har kuni kasallikdan forigʻ boʻlayotgan hamyurtlarimiz soni ortmoqda.
Bundan tashqari, dunyo olimlari koronavirusga qarshi dori va vaksina topish ustida kecha-yu kunduz bosh qotirishmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining rahbari Tedros Adanom Gebreisus koronaavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarish jarayoni uzluksiz davom etayotgani, biroq buning uchun bir yilcha vaqt kerakligini aytgan edi...
Demak, turli vahimalarga berilishning keragi yoʻq. Eng yaxshi hakam – Vaqtning oʻzi. Hali bu ogʻir damlar ham tarixda qoladi.
Hatto eng yomon kunlarni boshidan kechirayotgan yevropaliklar ham tushkunlikka tushmaslikka, musibatni yaxshi kayfiyat bilan, koʻtarinkilik bilan yengishga harakat qilishmoqda. Oʻzlari yashayotgan uy balkonlaridan chiqib, qoʻshiq kuylab, kuy chalib, bir-birlarini qoʻllab-quvvatlashyapti.
Xalqimiz ham birgalikda, hamjihatlikda juda koʻp kasalliklar, kulfatlarni yengib oʻtgan, nasib etsa, bu kunlar ham tezda oʻtib ketadi. Faqat, buning uchun har birimiz ogoh, sergak, bardam va birdam boʻlsak, turli vahima-yu vasvasalarga quloq osmasak, sanitariya va shaxsiy gigiyena qoidalariga, buguni vaziyatdan kelib chiqadigan talablarga qatʼiy rioya qilsak, koronavirusni, albatta, yengamiz.