Eksport ko‘lamini kengaytirish yo‘lida
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida Latviya transport-logistika kompaniyalarining mamlakatimiz eksport yuklariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida Latviya transport-logistika kompaniyalarining mamlakatimiz eksport yuklariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bosh direktori Jahongir Mustafoyev, mamlakatimizning Logistika biznesini rivojlantirish uyushmasi bosh direktori Akrom Muhidov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz sanoati izchil rivojlanayotgani, eksport jo‘g‘rofiyasi kengayib borayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida ko‘plab sohalarda yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Iqtisodiyot, savdo va sanoat sohalarida eng ko‘p qulaylik yaratish tizimi joriy etilgan. Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olishga oid kelishuvlar amal qilmoqda.
Transport sohasi O‘zbekiston va Latviya hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan. Mamlakatlarimiz Yevroosiyo tranzit yo‘lagining muhim qismlarini tashkil etadi. O‘zbekistonning tashqi savdo yuklari Yevropa davlatlariga Latviya portlari orqali yetkaziladi.
Mamlakatimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining o‘rni tobora oshib bormoqda. Bugungi kunda ular ichki bozorni to‘ldirish bilan birga tovarlarini tashqi bozorlarga ham chiqarmoqda. Bunda, jumladan, Latviya transport kommunikatsiyalaridan foydalanilmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston va Latviya logistika kompaniyalari hamkorligini yanada mustahkamlash, yuklar tranzitini samarali boshqarish, hujjatlarni rasmiylashtirishga doir masalalar haqida so‘z bordi.
– O‘zbekistonda eksport hajmi muttasil oshib borayotgani transport-logistika sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashni talab etadi, – dedi Latviya stividor kompaniyalari uyushmasi prezidenti Uldis Papans. – Uyushmamizga a’zo kompaniyalar Riga erkin bandargohida ish yuritadi. O‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan biznes aloqalarini rivojlantirishdan, mamlakatingiz logistika kompaniyalari bilan o‘zaro foydali hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz. O‘zbekiston biznesmenlariga Riga erkin bandargohi hududida Latviyaning stividor kompaniyalari bilan hamkorlikda qo‘shma korxona (xab) tuzishni taklif etamiz. Bu O‘zbekiston eksportchilariga Yevropa bozoridagi o‘z o‘rnini yanada kengaytirishga katta hissa qo‘shadi. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, Latviya va O‘zbekiston ishbilarmonlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdorimiz.
Anjumanda transport va ombor logistikasi sohasida xizmat ko‘rsatish, yuk saqlash va tashishni yanada yaxshilash, kichik biznes subyektlari eksportini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davra suhbati yakunida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, Logistika biznesini rivojlantirish uyushmasi va Latviya stividor kompaniyalari uyushmasi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.