“Ekoturizm” aksiyasida yoshlar faol bo‘ldi
Hashar – elga yarashar
Yurtimizning go‘zal tabiati, musaffo havosi, ziloldek tiniq va shifobaxsh suvlari har qanday kishini o‘ziga maftun etadi. Mana shunday betakror go‘zallikni asrab-avaylash, kelajak avlodga yetkazish har birimizning burchimizdir.
Xususan, Toshkent viloyati yoshlari ishtirokida tabiatni asrash, atrof muhitga turli chiqindilar tashlashning oldini olish, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda atmosfera havosini muhofaza qilish, ekologik muammolarni oldini olishga qaratilgan turli loyihalar muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda 24-25 avgust kunlari umumxalq hashari deb e’lon qilingani munosabati bilan Bo‘stonliq tumani “Chimyon” MFY, “Surpa” hududida Mustaqilligimizning 33 yillik shodiyonalarini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida “Mahalla obod – yurt obod” shiori ostida “Ekoturizm” aksiyasi o‘tkazildi.
Mazkur sa’y-harakatlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda Ta’lim va fan xodimlari, Sog‘liqni saqlash xodimlari, davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari va Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Bo‘stonliq tumani Kengashlari tasarrufidagi tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yosh kasaba uyushma a’zolari faol ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Bo‘stonliq tumani Ekologiya inspeksiyasi rahbari U.Mansurov ishtirokchilarga mamlakatimizda yashil tabiatni asrash maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

“Ekoturizm” aksiyasi ishtirokchilari ham obodonlashtirish ishlariga, tabiatni asrashga hissa qo‘shish uchun hududlarda hashar ishlarini olib bordi. Obodonlashtirilgan hududning tabiat manzaralaridan bahra olish, so‘lim go‘shalarda suhbat qurish, maroqli dam olish yanada zavqliroq bo‘lishini anglagan yoshlar endilikda bu kabi ishlarda muntazam qatnashish istagini bildirdi.
A. Musayev, O‘zA.