Ekologiya sohasida jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi
Poytaxtimizda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan «Ekologiya sohasida jamoatchilik nazoratining holati va rivojlanish istiqbollari» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Ekologik partiya, mazkur yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, soha ekspertlari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari hamda eko-faollar ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tabiatni muhofaza qilish, jumladan, atmosfera havosi, yer, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgani qayd etildi. Bu esa, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik bioxilma-xillikni muhofaza qilish, atmosfera havosi musaffoligini asrash masalalariga e’tiborni yanada kuchaytirish, aholida ekologik madaniyatni tubdan mustahkamlashni taqozo etishi ta’kidlandi.
[gallery-16651]
Yurtimizda mazkur yo‘nalishda qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, davlat dasturlarida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha islohotlarga oid qator vazifalar, amaliy tadbirlar rejasi o‘z ifodasini topgan.
Davra suhbatida ham ekologiya sohasida jamoatchilik nazoratining roli va ahamiyati, bu borada xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari, ularni O‘zbekiston sharoitida joriy etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida mavzu yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Gulnoza Boboyeva, Alimurod Mamadaminov(surat), O‘zA