Ekologik ta’lim bog‘chadan boshlanadi
Mamlakatimizda aholi orasida ekologik odatlarni shakllantirish, ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda eko-madaniyat sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan hududlarda aniq va manzilli ishlar yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga loyiq. Mazkur hujjatda belgilangan vazifalar ekologik ta’limni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Qarorga muvofiq, respublikaning barcha hududlarida “yashil” texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda tahsil oluvchilar soni bosqichma-bosqich oshirib boriladi va 2030 o‘quv yiliga qadar 10 ming nafarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, Jizzax viloyat Zomin tumani “Shirin” massivida joylashgan 2-sonli politexnikum 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab “yashil” texnikum sifatida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu ta’lim muassasasi huzurida dendrologiya bog‘lari barpo etilib, nazariya va amaliyot uyg‘unligi ta’minlanadi.

Ayni qaror ijrosi yuzasidan Jizzax politexnika institutida ham 2026-yil 1-sentabrga qadar yashil transformatsiya va iqlim o‘zgarishi kafedrasini tashkil etish belgilangan. Bu esa talabalarga atrof-muhit muhofazasi, yashil iqtisodiyot, barqaror energiya, iqlim o‘zgarishi va cho‘llanishga qarshi kurash kabi dolzarb yo‘nalishlarda chuqur bilim olish imkonini yaratadi.
Hujjatda ekologik targ‘ibot va tashviqot ishlariga alohida e’tibor qaratilgani ham bejiz emas. Shu asosda Jizzax viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan 2026-yil uchun aniq vazifalar belgilab olingan. Xususan, maktabgacha va maktab ta’limi tizimida ekologik bilimlarni mustahkamlashga qaratilgan “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” tanlovi, “Eko-zakovat” intellektual musobaqasi, “Yangi daraxt – yangi nafas”, “Daraxtlarga nafas bering”, “Qushlarga ko‘mak” kabi aksiyalar tashkil etilmoqda.

Bu borada yoshlarning faolligi tobora ortib borayotgani quvonarli. Jumladan, “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” tanlovining respublika bosqichida Sharof Rashidov tumanidagi 36-sonli umumta’lim maktabining “Eko-sfera” jamoasi faxrli uchinchi o‘rinni egallab, munosib rag‘batlantirildi. Bu kabi natijalar yoshlarda ekologik bilim va mas’uliyat hissi mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Qaror ijrosi doirasida yana bir muhim yangilik – “Yosh ekolog” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi bo‘ldi. Ushbu rag‘bat tizimi iqtidorli va tashabbuskor o‘quvchi-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tabiatga bo‘lgan mehrini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Maktabgacha ta’lim tizimida ham ekologik tarbiyaga alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. “Jajji ekolog” loyihasi doirasida bolalarga ilk yoshdan tabiatga ehtiyotkor munosabatni singdirish, ularning ekologik ongini shakllantirish maqsad qilingan. Bu yo‘nalishda darslik va qo‘llanmalar yaratish, “Yashil makon” tashabbusini targ‘ib qilish, “ekologik yo‘lak”lar tashkil etish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

Jizzax shahridagi 12-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bu borada to‘plangan tajriba e’tiborga molik. Bir paytlar qarovsiz holga kelgan hudud bugun obod va yashil maskanga aylangan. Bu yerda tashkil etilgan “Ota-onalar bog‘i”, “Eko-yo‘lak”, qushlar uchun uyalar va yashil maydonlar bolalarni tabiatga oshno etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Mashg‘ulotlarning ochiq havoda, tabiat qo‘ynida o‘tkazilayotgani esa ta’lim samaradorligini yanada oshirmoqda.
Muassasa rahbari Mamlakat Ermatovaning ta’kidlashicha, bolalar tabiat bilan muloqot orqali dunyoni anglaydi, unga mehr qo‘yadi va mas’uliyatni his etadi. Ana shu yondashuv natijasida u nafaqat tajribali pedagog, balki ekologik ta’limni amaliyotga samarali tatbiq etgan ilg‘or rahbar sifatida ham e’tirof etilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, Prezidentimiz qarori ijrosi yuzasidan olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar ekologik ta’lim va tarbiya uyg‘unligini ta’minlashda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Zero, tabiatga ehtirom kelajakka ehtiromdir.
Zamira Abdullayeva,
Jizzax viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi
bosh boshqarmasi matbuot kotibi.
O‘zA