Ekoaksiyada yoshlar faol qatnashdi
Andijonda “Chiqindisiz tabiat” deb nomlangan ekoaksiya o‘tkazildi.
Andijon viloyati Ekologiya,atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyati kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan aksiyada ko‘ngilli yoshlar, volontyorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Aksiya doirasida “Andijon – Kulla” avtomobil yo‘lining adirlik qismidagi yo‘l chetlari chiqindilardan tozalandi.
[gallery-16794]
– Ekoaksiyani o‘tkazishdan maqsad hududlarni chiqindilardan tozalash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, qolaversa, aksiya orqali aholi o‘rtasida ona tabiatni asrab-avaylashga qaratilgan targ‘ibot ishlarini, fuqarolarning ushbu masalaga daxldorlik hissini kuchaytirishdan iborat, – deydi Andijon viloyati Ekologiya,atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Lochinbek Isomiddinov. – Aksiyada, ayniqsa, atrof-muhit obodligiga befarq bo‘lmagan yoshlar faol ishtirok etdi.
Mazkur aksiya aholining viloyatdagi qarovsiz, turli chiqindilar tashlab ketilgan hududlariga e’tiborini qaratish, ana shu hududlardagi ekologik vaziyatdan xabardor etish, ularda tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish va qayta ishlanadigan chiqindilarning atrof-muhitga zarar keltirishining oldini olish borasidagi ishlar ko‘lamini kengaytirishga qaratildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari