Ekoaksiyada andijonliklar faol qatnashmoqda
Andijonda Butunjahon tozalik kuni munosabati bilan ekologik aksiya o‘tkazilmoqda.
19 sentyabr – Butunjahon tozalik kuni oldidan Andijon viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat Kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan aksiya ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyatda ona tabiatni asrab-avaylash, hududlarning tozaligini saqlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlanib, Butunjahon tozalik kunini munosib o‘tkazish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar xususida ma’lumotlar berildi.

– Ekoaksiyani o‘tkazishdan qo‘zlangan asosiy maqsad hududlarni chiqindilardan tozalash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, qolaversa, aksiya orqali aholi o‘rtasida ona tabiatni asrab-avaylash, pokizaligini saqlashga qaratilgan targ‘ibot ishlarini, fuqarolarning ushbu masalaga daxldorlik hissini kuchaytirish, ularning bu boradagi bilim va tushunchalarini boyitishdan iborat, – deydi Andijon viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Akbarov. – Ishonamanki, ushbu xayrli va ibratli aksiyada andijonlaklar faol qatnashadi.

O‘tkazilayotgan ekoaksiyada viloyatdagi korxona, tashkilotlar vakillari, oliy ta’lim muassasalarining tashabbuskor talabalari hamda mahalla yoshlari faol ishtirok etmoqda. Hududlar chiqindilardan tozalanmoqda.
Aksiya tashkilotchilari tomonidan ishlar muvofiqlashtirilib, ishtirokchilar qo‘lqop, chiqindi solish uchun maxsus qoplar bilan ta’minlanmoqda. Chiqindilarni tashish uchun esa texnika vositalari jalb etildi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA