Ekin dehqon mehridan yashnaydi
Istiqlol yillarida Prezidentimiz rahnamoligida g‘alla mustaqilligiga erishish yo‘lida misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi.
Istiqlol yillarida Prezidentimiz rahnamoligida g‘alla mustaqilligiga erishish yo‘lida misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi. Natijada g‘allaga bo‘lgan ichki ehtiyojimiz nafaqat to‘la qondirildi, balki O‘zbekiston g‘alla eksport qiladigan mamlakatlar safiga qo‘shildi.Joriy yilda mirishkor dehqonlarimiz 8 million 50 ming tonnalik ulkan g‘alla xirmoni bunyod etgani mamlakatimiz agrar tizimida, hech shubhasiz, yangi sahifa ochdi.
Toshkent viloyati fermerlari ham bu yilgi g‘alla mavsumida el-yurt xirmonining yuksalishiga munosib hissa qo‘shdi. Viloyat g‘allakorlarining bu yo‘ldagi g‘ayrat va shijoati Prezidentimizning O‘zbekiston g‘allakorlariga yo‘llagan tabrigida ham o‘z e’tirofini topdi. Jumladan, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Chinoz tumanlarining ilg‘orlar qatorida sanab o‘tilgani butun viloyat g‘allakorlarining halol va fidoyi mehnatiga berilgan yuksak baho bo‘ldi.
Agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, fermerlik harakatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, qishloq mulkdorlarining emin-erkin ishlashi uchun keng sharoit va qulayliklar yaratilayotgani o‘z samarasini bermoqda. Buni chinozlik tajribali dehqon Abdug‘affor Akromov rahbarlik qilayotgan «O‘rinboy hoji» fermer xo‘jaligi misolida ham ko‘rish mumkin.
Joriy yilda xo‘jalikning 98 gektar yerida g‘allaning tuproq-iqlim sharoitiga mos, serhosil navlari yetishtirildi. Mehnat va tajriba natijasi o‘zini ko‘p kuttirmadi. Urug‘lik, mineral o‘g‘it, suv ta’minotining oqilona izga solingani, parvarish davrida asosiy e’tibor agrotexnik tadbirlarni obi-tobida qo‘llashga qaratilgani, sug‘orishda ko‘proq an’anaviy usullar qo‘llanilib, ekin obdon mahalliy o‘g‘itga qondirilgani muvaffaqiyatlar omili bo‘ldi.
– Daromad ham mehnatimizga yarasha bo‘ldi, – deydi fermer A.Akromov. –Bug‘doyning 60 foizdan ortig‘i xo‘jaligimiz ixtiyorida qoldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, g‘allaning o‘zidan oladigan sof foydamiz 100 million so‘mdan oshib ketdi.
Xo‘jalik a’zolarining yana bir muhim tarmoq – paxtachilikdagi mehnat va izlanishlari ham tahsinga loyiq. Bugun 110 gektar maydondagi g‘o‘za nihollarining baravj rivojlanayotgani shunday deyishga to‘la asos beradi.
G‘o‘za parvarishida ilg‘or tajribalarni qo‘llash, har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida, sifatli bajarish mo‘l hosil to‘plashda asosiy omillardan biridir. Ayniqsa, hosilga hosil qo‘shiladigan shu kunlarda ekinni sug‘orish dehqonu miroblardan alohida e’tibor va mas’uliyat talab etadi.
– Ekin – dehqon mehridan yashnaydi, deyishadi. Shuning uchun har tong dalaga shoshilaman, ekin holatini kuzataman, – deydi fermer quyuq g‘o‘za qator oralariga ishora qilib. – G‘o‘za rivoji yaxshi, hosil nishonalari to‘kis. Nasib bo‘lsa, g‘alvir suvdan ko‘tarilganda yurtimiz paxta xirmoniga belgilanganidan ko‘p hosil to‘kish niyatidamiz.