Ehtiyojmandlar mahallaning doimiy e’tiborida
Termiz shahrining Guliston mahallasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi Dilshodbek Usmonov va Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Farrux Tairov nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ular duch kelayotgan muammolarni o‘rgandi.
Sayyor qabulda viloyatda istiqomat qiladigan 30 ga yaqin fuqaro ijtimoiy ahvolini yaxshilash, moddiy ko‘mak berish kabi masalalarda murojaat etdi. Ularning yashash sharoiti joyida o‘rganilib, 10 nafariga 1 million so‘mdan naqd pul berildi. Termiz shahrida o‘zini o‘zi ish bilan band qilish istagini bildirgan nogironligi bo‘lgan ikki murojaatchining xonadoniga borib, yashash sharoiti ko‘zdan kechirilgach, ularga zamonaviy tikuv mashinasi, oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Tadbir doirasida Termiz shahridagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Barcha zamonaviy sharoitlarga ega binoning ochilish marosimida “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi Dilshodbek Usmonov, mehnat faxriysi Himoyiddin Sharafuddinov va boshqalar keyingi yillarda o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimida yuz berayotgan yangilanishlar va ularning jamiyatimiz taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr yuritdi. Bu jarayonda fuqarolar yig‘inlari uchun zamonaviy binolar bunyod etib, qulay sharoitlar yaratishga, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor xalq dardu-tashvishi bilan ishlashda yaxshi samaralar berayotgani qayd etildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida davlat xususiy sherikchilik asosida viloyatda 52 ta mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino qurilib, ishga tushirildi. Zamonaviy usulda qad rostlagan binolar bir yo‘la “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘i hisobidan mebel va kompyuter jihozlari bilan ta’minlanib, samarali faoliyat yuritish uchun barcha sharoit yaratildi.
–Shuningdek, yilning o‘tgan davrida jamg‘arma va homiylar mablag‘i hisobidan 250 ga yaqin mahallaga yangi kompyuter to‘plamlari olib berildi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boshqaruvi sho‘’ba mudiri O.Ostanaqulov. – Ayni paytda olis va chekka hududlardagi o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ham moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan bunday e’tibor mahalla institutini yanada rivojlantirib, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga, yoshlar, oila va xotin-qizlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shu kuni Termiz shahridagi “Matbuot uyi” binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatdagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining mavjud muammolari tinglanib, atroflicha tahlil qilindi. Birgalikda ularni bartaraf etish yo‘llari izlandi. 16 ta o‘zini o‘zi boshqarish organiga zamonaviy kompyuter, 13 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga mebel jihozlarining sertifikati topshirildi.
Termiz shahridagi 12-Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlar bilan suhbatlashildi. Yashash sharoitlari o‘rganildi. Muassasaga zamonaviy maishiy texnika vositalari tuhfa qildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA