Ehtiyojmand oilalarga bepul un tarqatildi
Samarqand
Davlatimiz rahbarining shu yil 25 maydagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila a’zosiga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga 300 ming so‘mdan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga 200 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.

Samarqand viloyatida ham 444 ming nafarga yaqin fuqarolarga ushbu moddiy yordam pullari belgilangan tartibda ikki hafta ichida yetkazib berildi.
Shuningdek, qarorda hokimlar, sektor rahbarlariga “Temir daftar”ga kiritilgan hamda mazkur qarorga asosan bir martalik moddiy yordam pullarini olmagan ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini shakllantirish hamda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ushbu oilalarning har bir a’zosiga 20 kilogrammdan bepul un tarqatish belgilangan edi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat bo‘limidan ma’lum qilishlaricha, qarorning mazkur bandi ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning iyun oyida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat bo‘limining tuman, shahar bo‘linmalari tomonidan xalq deputatlari kengashlarining tegishli qarorlariga asosan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 3,57 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu orqali viloyatdagi “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan 10147 ta oilada istiqomat qilayotgan 39678 nafar a’zolarning har biriga 20 kilogrammdan, jami 793,5 tonna un mahsuloti bepul tarqatildi.
G‘.HASANOV, O‘zA