EDPF jamg‘armasi bilan hamkorlik istiqboli belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov videokonferensiya shaklida Koreya Eksimbankining Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish jamg‘armasi (EDPF) rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi.
Kun tartibiga muvofiq, muloqot qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq dolzarb masalalarga, shuningdek, istiqbolli yo‘nalish va sohalarni rivojlantirish orqali hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlandi.
Koreya moliya institutlari bilan investitsiyaviy sheriklikning o‘sish sur’ati yuqoriligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, metallurgiya, mashinasozlik, ta’lim, kimyo sanoati va boshqa sohalarda keng ko‘lamli loyihalar faol amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Loyihalarning aksariyati tugallanish bosqichida yoki allaqachon yo‘lga qo‘yilgan.
Muloqot chog‘ida Koreya tomoniga istiqbolli yo‘nalishlar – foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, biofarmatsevtik dori vositalari ishlab chiqarish va sanoatning boshqa sohalaridagi yangi loyihalar konsepsiyalari ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.
Muzokara yakunida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida O‘zbekiston-Koreya iqtisodiy hamkorligi doirasida shartnomalar paketini shakllantirish maqsadida taqdim etilgan loyihalarning texnik-iqtisodiy jihati ustida birgalikda ish olib borish tartibi belgilandi.
Ma’lumot uchun: Koreya Eksimbankining Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish jamg‘armasi (EDPF) 2016 yilda tashkil etilgan. Tuzilma xalqaro iqtisodiy hamkorlikni ilgari surishga qaratilgan investitsiyaviy, infratuzilmaviy va ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishning maxsus mexanizmi hisoblanadi.
O‘zA