Dzyudochilarimiz Dushanbega borishadi
Joriy yilning 2-5 oktyabr kunlari Tojikiston poytaxtida dzyudo bo‘yicha Tojikiston Prezidenti kubogi uchun 8-xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi
Mazkur xalqaro turnirda kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezident farmoniga binoan "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi" unvoni bilan taqdirlangan Kamol Murodov boshchiligidagi 9 nafar sportchi yurtimiz sharafini himoya qiladi, deyiladi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabarida.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, bahslar 66, 81, 90 va +100 kg vazn toifalarida o‘tkaziladi.
Dushanbe tatamilarida o‘z vazn toifalarida Muhriddin Tilovov, Dilshodbek Yo‘ldoshev, Suhrob Tursunov, Arslon Tojiyev, G‘iyosjon Boboyev Shermuhammad Jandreyev, Doston Meyliyev, Bekmurod Oltiboyev, Shohruhxon Baxtiyorov g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan nufuzli musobaqada 10 tadan ziyod davlatning 250 nafarga yaqin dzyudochisi qatnashishi kutilmoqda. Bundan ikki yil muqaddam mazkur an’anaviy xalqaro musobaqa Tojikistonning Xo‘jand shahrida tashkil etilgandi.
2019 yili bo‘lib o‘tgan 7-xalqaro turnir 7 ta vazn toifasida o‘tkazilib, 4 ta vaznda O‘zbekiston dzyudochilari 1-o‘rinni egallagandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA