Dzyudo: 6 ta vaznning chempionlari ma’lum
Kecha, 22 fevral kuni Navoiy shahrida dzyudo bo‘yicha 2005-2006 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining birinchi kungi bahslarida 6 ta vazn toifasida mamlakatning eng kuchli sportchilari aniqlandi.
Murosasiz bellashuvlar natijasida Samarqand, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyati vakillari eng ko‘p medal jamg‘arishga erishdi.
O‘smirlar o‘rtasidagi kurashlarda 50 kg vazn toifasi samarqandlik Mirjahon Sayfiddinov, 55 kg.da Anvar Ibrohimov, 60 kg.da buxorolik Sardor Himmatov g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Qizlar o‘rtasida 40 kg.da navoiylik Laziza Haydarova, 44 kg.da buxorolik Dilnura Isroilova hamda 48 kilo og‘irlikda Toshkent viloyati vakilasi Zarina Jamolova oltin medallarga musharraf bo‘ldi.
Bugun, 23 fevral kuni O‘zbekiston chempionatining ikkinchi kunida o‘smirlar 66, 73, 81 kg, qizlar esa 52 va 57 kg vazn toifalarida sovrinli o‘rinlar uchun bellashadi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu chempionatda munosib natijalarga erishgan yosh dzyudochilar kelajakda mamlakat terma jamoasiga nomzod sifatida jalb etiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA