Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
-
YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalarni saqlab qoladi

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Yevropa davlatlari yetakchilari va Kanada rahbarining Ukraina bo‘yicha Parijdagi uchrashuvidan so‘ng YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalarni saqlab qolishini ta’kidladi.
– Biz Rossiyaga bosim o‘tkazishda davom etishni muhokama qildik, -dedi u “Blue sky” tarmog‘idagi videomurojaatida. – Sanksiyalar o‘z kuchida qolayotgani aniq. Biz adolatli va mustahkam tinchlik bitimini istaymiz.
Istanbulga vaqtinchalik hokim saylandi

Nuri Aslan sobiq shahar meri Imomo‘g‘luning hibsga olinishi tufayli Istanbul hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Jami 302 ta ovozning 177 tasi uning nomzodini ma’qullagan. Aslan Turkiyaning asosiy muxolifat partiyasi a’zosi bo‘lib, Imomo‘g‘lu ham aynan ushbu partiyadan.
Ma’lumot o‘rnida: Ekrem Imomo‘g‘lu 2019 yildan buyon Istanbul shahrini boshqarib kelayotgan edi. Joriy yilning 23 mart kuni u korrupsiyada ayblanib, qo‘lga olindi.
Ukrainaliklar AQSH yordamisiz ham Rossiyaga qarshi kurashni davom ettirish tarafdori

Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ukrainaliklarning 82 foizi AQSH harbiy yordamni to‘xtatgan taqdirda ham maqbul tinchlikka erishish uchun Yevropa davlatlari ko‘magida Rossiya Federatsiyasiga qarshi kurashni davom ettirish tarafdori. Shu bilan birga, respondentlarning 8 foizi Moskva bilan muzokaralar olib borilishini va Kreml shartlari bajarilishini istasa, qolgan 10 foizi javob berishga ikkilangan.
Qozog‘iston va Xitoy har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirmoqda

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Szyanchaoni qabul qildi. Uchrashuvda ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘llari muhokama qilindi.
Szyanchao Xitoy Qozog‘istonga strategik ahamiyatga ega pozitsiyadan qarashini va har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga ustuvor ahamiyat berishini ta’kidladi.
NATO bosh kotibining bayonoti

NATO bosh kotibi Mark Ryuttening aytishicha, G‘arb va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi munosabatlar hatto Rossiya-Ukraina urushi tugaganidan keyin ham yaxshilanmaydi.
Armaniston parlamenti YeIga qo‘shilish uchun ovoz berdi

Ittifoqdan taklif yo‘qligiga qaramay, mamlakatning YeIga kirish niyati haqidagi qonun yakuniy o‘qishda qabul qilindi. 64 deputat “ma’qul”, 7 nafari esa “qarshi” ovoz berdi, betaraf qolganlar yo‘q, deb yozdi “Sputnik Armaniston” nashri.
Avvalroq, Armaniston rasmiylari hujjatda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazish ko‘zda tutilmagani, faqat jarayon boshlanganini e’lon qilishini bildirgan edi.
Mark Karni: AQSH hech qachon Kanadaga egalik qilolmaydi

Kanada Bosh vaziri Mark Karni Qo‘shma Shtatlar hech qachon Kanadaga egalik qilmasligini va Ottava uni zaiflashtirishga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshilik ko‘rsatish niyatida ekanini ta’kidladi.
– Men Amerika Kanadani zaiflashtirishga, bizga egalik qilishi uchun sindirishga bo‘lgan har qanday urinishlarga qarshilik ko‘rsataman, -dedi u. – Bu hech qachon sodir bo‘lmaydi va bizning AQSH tariflariga javobimiz faqat kurashishdan iborat.
Said Murod Rahim tayyorladi.
O‘zA