Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Pentagon gipertovushli raketa sinovini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
– Yaqinda Floridadagi Kanaveral sohilida konvensional gipertovushli raketa sinov parvozi muvaffaqiyatli amalga oshirildi, -deyiladi AQSH mudofaa vazirligi tarqatgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, mazkur parvoz ushbu turdagi qurolning joriy yildagi ikkinchi muvaffaqiyatli sinovi hisoblanadi.
Suriya havo hujumidan mudofaa vositalarining yo‘q qilinishi Isroilning Eronga zarba berishga imkonini oshiradi

Isroil armiyasiga qarashli “Galey SAXAL” radiosi shu haqda xabar tarqatdi.
– Havo kuchlari Suriya havo hujumidan mudofaa tizimining qariyb 86 foizini yo‘q qildi, Isroil tomonining fikricha, bu Eron yadroviy ob’ektlariga hujum qilish imkoniyatini yaratadi”, — deyiladi xabarda.
NATO Bosh kotibi: Alyans dunyoda keskinlikni oshirmayapti

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Bryusselda bo‘lib o‘tgan konferensiyada jurnalistlarga alyansning kengayishi dunyoda keskinlikni kuchaytirmoqda, degan fikrga qarshi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Alyans mudofaviy tuzulma hisoblanadi.
– Men bunga qo‘shilmayman, chunki, birinchi navbatda, biz mudofaa ittifoqimiz, -dedi NATO Bosh kotibi.
AQSH Kiyevga 500 million dollarlik yangi harbiy yordam ajratdi

– Yangi yordam paketi zambaraklar uchun snaryadlar hamda biologik, kimyoviy va yadroviy tahdidlardan himoyalanish texnikalaridan iborat bo‘ladi, -dedi AQSH davlat kotibi Entoni Blinken.
Bayonotda ta’kidlanishicha, 500 million dollarlik qo‘shimcha qurol-yarog‘ yordami Pentagon omborlaridan ajratiladi.
Xitoy mudofaa vazirligi: Tayvanning tashqi kuchlarga tayanishga urinishlari natija bermaydi

– Tayvanning mustaqillikka intilishida tashqi kuchlarga tayanishga bo‘lgan har qanday urinishlari qattiq jazolanadi va albatta muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, -dedi juma kuni Xitoy Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Vu Tsyan.
– Xalq ozodlik armiyasining muqaddas burchi - milliy suverenitet va hududiy yaxlitlikni, Xitoy xalqining asosiy manfaatlarini va Tayvan bo‘g‘ozining har ikki tomonidagi vatandoshlarning umumiy manfaatlarini himoya qilishdir, -deyiladi vazirlik saytida e’lon qilingan bayonotda.
AQSH Gruziya fuqarolariga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi

AQSH Davlat departamenti 20 nafar Gruziya fuqarosiga viza cheklovlari joriy etilganini e’lon qildi. Sanksiyalarga yuqori martabali amaldorlar, deputatlar, huquq-tartibot va razvedka idoralari xodimlari, shuningdek, xususiy shaxslar kiritilgan. Ular “demokratik me’yorlarni” buzganlikda ayblanmoqda.
Zelenskiy: Rossiya Ukrainaning energetika infratuzilmasiga eng katta zarbalardan birini berdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yaqinda Rossiya Federatsiyasi 93 ta qanotli va ballistik raketalar bilan mamlakatning energetika ob’ektlariga jiddiy zarba berganini aytmoqda.
– 81 tasi urib tushirildi, ulardan 11 tasi F-16 qiruvchi samolyotlari yordamida, -dedi Ukraina rahbari.
O‘z navbatida, AQSHning Kiyevdagi elchisi hujumlar maqsadi nafaqat energetika tizimi, balki butun Ukraina bo‘ylab transport tarmoqlari va “asosiy ob’ektlar” bo‘lganini aytdi.
Suriyaning yangi hukumati Asad rejimi davrida qamalgan amerikaliklarni qidirishda AQSH bilan hamkorlik qiladi

Avvalroq, bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan AQSH fuqarosi Trevis Timmerman Asad qamoqxonalari biridan ozod qilingan edi. Amerika tomonining ta’kidlashicha, u Livan va Suriya chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, 7 oyni Suriya qamoqxonasida o‘tkazgan. Yana bir amerikalik jurnalist Ostin Tis 2012 yilda Suriyada g‘oyib bo‘lgan. AQSH rasmiylari u haqdagi ma’lumot uchun 10 million dollar to‘lashga tayyor.
Janubiy Koreya rahbarining reytingi rekord darajada tushib ketdi

– Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat e’lon qilishga urinishidan so‘ng uning reytingi rekord darajada tushib ketdi va fuqarolarning 75 foizi prezidentning impichmentini qo‘llab-quvvatlamoqda, -deb xabar tarqatdi “Yonhap” axborot agentligi.
S.Rahimov tayyorladi, O‘zA