Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti kunlari Ostona ko‘chalarida xavfsizlikni ta’minlash chorasi keskin kuchaytirildi.
Shahar ko‘chalariga zirhli avtomobillar qo‘yildi, markazda politsiyachilar navbatchilik qilmoqda. Yo‘llarning bir qismi kortejlar harakati tufayli to‘sib qo‘yilgan.
***
AQSH va Xitoy bir-biri bilan nizolashmasligi kerak, Vashington va Pekin birga savdo qilsa, yanada yaxshi, dedi taniqli amerikalik investor Jim Rojers “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.
Rojersning fikricha, siyosatchilar saylovchidan ko‘proq ovoz olish umidida boshqa mamlakatlarni ayblashni yaxshi ko‘rishadi.
***
Baydenning Tramp bilan bo‘lib o‘tgan telebahsdagi muvaffaqiyatsizligi xavotirga solayotganiga qaramay, demokrat gubernatorlar amaldagi Prezidentni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi, deya bayonot berdi Merilend shtati rahbari Ues Mur.
***
Markaziy Osiyoda barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyot – Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar xavfsizligi va forovonligi kafolatidir, dedi Bosh kotib Chjan Min.
“Kazinform” agentligiga bergan intervyusida u jumladan, shunday degan:
– Biz Markaziy Osiyo mamlakatlaridan rivojini faol qo‘llab-quvvatlashni, tashkilotga a’zo boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik va o‘zaro almashinuvni mustahkamlashni kutib qolamiz.
***
Britaniya parlamenti yalpi saylovida ovoz berish boshlandi. Tadbir yakuni bo‘yicha muxolifat – Leyboristlar partiyasi 14 yil ichida ilk bor mamlakat hukumati tepasiga kelishi ehtimoli yaqin.
Aholi 650 nafar deputatni saylashi kerak. Eng ko‘p kursini egallagan partiya yetakchisi Bosh vazir bo‘ladi va Britaniya hukumatini boshqaradi.
Dastlabki natija ertaga tongda ma’lum qilinadi.
***
Xitoy tomoni Ozarbayjon taklif etayotgan tinchlik rejasini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, deyilgan Ostonada qabul qilingan “Ozarbayjon Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya”da.
***
Venesuela va AQSH hukumati vakillari o‘rtasida kechgan virtual uchrashuvda o‘zaro ishonchni mustahkamlash va munosabatni yaxshilash uchun muloqotni hurmat asosida, maqsadli tarzda davom ettirishga kelishib olishdi. Binobarin, muloqot avval Qatarda kelishib olingan mavzular doirasida cheklanishi kerak, deya bayonot berdi Venesuela tomonidan muzokara olib borgan guruh vakili, parlament spikeri Xorxe Rodriges.
***
Boliviyadagi davlat to‘ntarishiga urinish bilan bog‘liq voqeaga AQSHning hech qanday aloqasi yo‘q, Qo‘shma Shtatlar bu harakatni qoralaydi, dedi Oq uy rasmiy vakili Karin Jan-Per.
26 iyunda general Xuan Suniga rahbarligida bir guruh harbiylar poytaxt La-Pasdagi Prezident saroyi joylashgan Murilo maydonini to‘sib qo‘ygan. Ular mamlakatda demokratiya va erkinlikni tiklash hamda siyosiy mahbuslarni ozod qilishni talab qilgan. Shundan keyin davlat rahbari Luis Arse yangi harbiy qo‘mondonni tayinladi. U o‘z navbatida, isyonchilarga maydonni tark etishni buyurdi. Xuan Suniga esa hibsga olindi.
***
Vladimir Putin va Rejep Tayyip Erdog‘an uchrashuvida Ukraina mavzusi muhokama qilingan, biroq Turkiya yetakchisi muzokarada vositachi bo‘la olmaydi, deb bayonot berdi RF Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Putin va Erdog‘an SHHTning Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi sammiti doirasida muzokara o‘tkazgan.
S.Rahimov, O‘zA