Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Ozarbayjonning COP29 raisligi global Shimol va Janub o‘rtasidagi ishonch va hamjihatlikni tiklash uchun kalit hisoblanadi. Bu haqda Ozarbayjon ekologiya vaziri, COP29 prezidenti Muxtar Babayev “Forbes” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
– Bunga rivojlangan mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan iqlimni moliyalashtirishning yangi maqsadi orqali erishiladi, -dedi u. – Ozarbayjon Sharq, G‘arb va Janubni bir-biriga bog‘lovchi chorrahada joylashgan. Shuning uchun biz rivojlanayotgan va rivojlangan dunyo o‘rtasida ko‘prik bo‘lishni istaymiz, — deya qo‘shimcha qildi Babayev.
***
Liviya milliy armiyasi va Milliy birlashuv hukumati vakillari AQSHga xavfsizlik sohasida maqsadga erishishda yordam berishni so‘rab murojaat qildi. AQSH qurolli kuchlarining Afrika qo‘mondonligi rahbari (AFRICOM) general Maykl Lengli ta’kidlashicha, AQSH Liviya bilan diplomatik va harbiy yo‘nalishda aloqani ushlab turibdi. – Men o‘tgan yili hukumat vakillari bilan uchrashganman, ular o‘z maqsadlarini yaxshi bilishadi. Ular ushbu maqsadga erishmoqchi va bu borada Amerika bilan hamkorlik qilmoqchi, - deb bayonot berdi Amerika generali.
***
Saudiya Arabistoni mudofaa vaziri Xaled bin Salman Ol Saud va XXR Markaziy harbiy kengashi raisi o‘rinbosari Chjan Yusya Pekinda uchrashuv o‘tkazdi.
Saudiya matbuoti e’lon qilgan xabarda keltirilishicha, tomonlar harbiy va mudofaa sohalarida ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish yo‘llarini muhokama qilgan. Shuningdek, uchrashuvda Xaled bin Salman Ol Saud va Chjan Yusya ikki mamlakatning strategik munosabatlari muhim ekanini ta’kidlashgan.
***
Botsvanada AQSH shtab boshliqlari va Afrikaning 35 mamlakati majlisi boshlandi.
AQSH qurolli kuchlarining Afrika qo‘mondonligi portalida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, konferensiya Botsvana poytaxti Gaboron shahrida bo‘lib o‘tmoqda.
– Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad, xavfsizlik va barqarorlik bilan bog‘liq muammolarga yechim topishda bilim va tajribalar almashish, sheriklikni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirishdan iborat, - deyiladi xabarda.
Ikki kunga mo‘ljallangan mazkur tadbir Botsvana va AQSH tomonidan tashkillashtirilgan.
***
– Ukrainada nizo davom etaversa, yadroviy to‘qnashuv xavfi saqlanib qolaveradi, -deya ta’kidladi Turkiya TIV rahbari Xakan Fidan.
– Biz ogohlantirib kelayotgan narsa aynan yadroviy xavfdir. Urush davom etar ekan, ushbu xavf saqlanib qoladi. Bundan qochib bo‘lmaydi. Tomonlarning har biri voqealar rivojini o‘zgartiradigan usullardan foydalanishga majbur. Uchqun boshqa joyga ham ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘lgan vaziyat yuzaga kelmoqda, - deb bayonot berdi Fidan “Habertürk” telekanaliga bergan intervyusida.
***
Rossiya tomoni Eron bilan keng qamrovli hamkorlik to‘g‘risidagi bitim yaqin orada imzolanishidan umid qilmoqda, kelishuv matni ustida ishlar yakunlanishiga oz qolgan, kelishuv bandlari bo‘yicha bir to‘xtamga kelingan, deb bayonot berdi Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Andrey Rudenko “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.
Uning ta’kidlashicha, hozirda ikki mamlakat uchun asosiy vazifa bunday hujjatni imzolash bilan bog‘liq ishlarni aniqlab olishdan iborat.
***
– AQSH Gruziyani boshqarayotgan partiya yetakchilarining harakatlari va bayonotlaridan xavotirlanayotganiga qaramay, ushbu davlatni Vashingtonda bo‘ladigan NATO sammitida sheriklik tadbirlariga taklif etadi, -dedi AQSH davlat kotibining Yevropa va Yevro Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Jeyms Obrayen.
– Gruziyada xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi Vashingtonni qattiq xavotirga soldi. Shu narsa aniqki, Gruziya xalqining 80-85 foizi YeI va NATO bilan yanada integratsiyalashuvni xohlaydi, - deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun: joriy yilning 9-11 iyulida Vashingtonda NATO sammiti bo‘lib o‘tadi.
***
AQSH Prezidenti Jo Bayden Keniyani AQSHning NATO a’zosi bo‘lmagan asosiy ittifoqchisi, deb e’lon qildi.
Yigirmaga yaqin mamlakat shunga o‘xshash imtiyozli maqomga ega. Bayden prezidentlik qilgan davrda yana uchta - Keniya, Kolumbiya va Qatarga ushbu imtiyozli maqom berildi.
S.Rahimov, O‘zA