Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
—
Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Serik Jumangarin 24-aprelda Afg‘onistonga tashrif buyurib, hamkasbi Barodariy bilan Transafg‘on temir yo‘li qurilishini muhokama qildi. Mazkur loyiha mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasida yuk tashishga ketadigan vaqtni qariyb 10 barobar qisqartirib, tashuv xarajatini ham kamaytiradi. Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston magistral qurilishida ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.
***
XXR tashqi ishlar vaziri Van I Pekinda AQSH davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi, deb xabar tarqatdi mamlakat Markaziy televideniyesi. Xabarda muzokara tafsiloti keltirilmagan.
Blinken 24-26-aprel kunlari tashrif bilan Xitoyda bo‘lib, Shanxayda shahar partiya qo‘mitasi kotibi Chen Szinin hamda biznes vakillari, talabalar bilan ham uchrashgan.
Mashhur siyosatchini Rais Si Szinpin qabul qilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
***
Istanbulning ayrim tumanlarida havo ifloslanish ko‘rsatkichi inson sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan darajaga yetgan. Holat Afrika chang-to‘zoni shaharga yetib kelgani bilan bog‘liq, deyilgan hokimlik tarqatgan ma’lumotda.
Turkiyaga chang yopirilgani, shamol yo‘qligi va yo‘ldagi doimiy tirbandlik Istanbul havosini buzmoqda. Shaharda harorat 20 darajadan yuqori, ko‘rish imkoniyati sezilarli ravishda pasaygan. Iqlimshunoslar ta’kidlashicha, to‘zon yakshanba kuni hududni tark etishi mumkin.
***
Barbados bayrog‘i ostida suzayotgan yuk kemasida yong‘in sodir bo‘lgani uchun Dardanell bo‘g‘ozi orqali kema qatnovi to‘xtatildi. Ekipajning 14 a’zosi Turkiya sohil qo‘riqchilari tomonidan qutqarilgan.
Kema Misrdan Bolgariyaga qarab suzayotgan edi. Ayni payt mutaxassislar yong‘inni o‘chirishga kirishgan.
***
Shvetsiyaning NATOga harbiy integratsiyasi rasman nihoyasiga yetdi, deya bayonot berdi qirollik Bosh vaziri Ulf Kristersson.
Uning ta’kidlashicha, Finlyandiya bilan muvofiqlashtirilgan ushbu jarayon Shimoliy Atlantika alyansi tarixidagi eng tez amalga oshgan ish bo‘ldi. Shu tariqa NATOga a’zo mamlakatlar soni rasman 32 taga yetdi.
***
Britaniya yaqinda e’lon qilingan harbiy yordam to‘plami doirasida Ukrainaga yuqori aniqlikda boshqariladigan “Paveway-IV” bombasini beradi, deb yozdi “Business Insider” nashri Britaniya mudofaa vazirligi ma’lumotiga tayanib.
Avvalroq Bosh vazir Rishi Sunak Polshaga tashrifi chog‘ida Kiyevga qo‘shimcha 500 million funt sterling qiymatdagi harbiy yordam berilishi, jumladan uzoq masofaga uchuvchi “Storm Shadow” qanotli raketasi yuborilishini ma’lum qilgandi.
***
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parijdagi Sarbonna universitetida ma’ruza qilib, Yevropa kelajagi mavzusiga to‘xtaldi va barchani Lissabondan Odessagacha gumanizm g‘oyalarni, Yevropa qadriyatlarini himoya qilishga chaqirdi:
– Yevropalik bo‘lish Boltiqdan O‘rta yer dengizigacha yoki Atlantikadan Qora dengizgacha bo‘lgan hududda shunchaki yashash degani emas. Bu ozod, muvozanatli va ma’rifatli shaxsiyat hamma narsadan ustun qo‘yiladigan inson g‘oyasini himoya qilishdir. Lissabondan Odessagacha ozodlik va adolatga nisbatan munosabat bir xil bo‘lishi kerak.
***
AQSHning NATOdagi doimiy vakili Juliann Smit “Politico” nashriga intervyusida Xitoy Ukraina mojarosida betaraf mamlakat emasligini ta’kidlab, jumladan, shunday dedi:
– Xitoy bu holatda o‘zini mutlaqo betaraf, deya olmaydi. XXR amalda Rossiya tomonini tanlamoqda. AQSH Xitoyning Rossiyaga yetkazib berayotgan mahsuloti hajmi ortib borayotganini kuzatib turibdi. Bu tovarlar orasida mikroelektrotexnika, dron texnologiyasi va nitrotsellyuloz ham bor.
***
Janubiy Afrika Respublikasi TIV rahbari Naledi Pandor Braziliyaning “Folha de Sao Paulo” gazetasiga bergan intervyusida “Rossiya hamda Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning yuzma-yuz muzokarasi Ukraina mojarosini hal qilishi mumkin, dedi:
– Biz har doim nizo muzokara yo‘li bilan bartaraf etilishi kerak, deb hisoblaganmiz. Ikki yetakchi muzokara davrasiga o‘tirishi kerak. Ukrainaning tinchlik rejasini shunchaki muhokama etolmaymiz, Rossiya va Ukraina bir xonada bo‘lishini istaymiz.
***
AQSH Davlat departamenti arab tili bo‘yicha vakili Xala Rxarrit Vashingtonning G‘azo sektoridagi urushga nisbatan olib borayotgan siyosatiga norozilik sifatida iste’foga chiqishini e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, bu departament xodimlarining ayni masala bo‘yicha iste’fo berishi bilan bog‘liq uchinchi voqea.
***
Ostonada Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari majlisi boshlandi. Vazirlar xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi.
S.Rahimov, O‘zA