Dunyo tan olayotgan o‘zbek yoshlari qanday qilib yengilmas kuchga aylanmoqda?
Prezident bilan muloqotdan so‘ng...
Musiqa va harbiy intizom ohangdosh bo‘lgan joyda chinakam milliy g‘urur, yuksak ma’naviyat shakllanadi. Toshkentdagi muhtasham Olimpiya shaharchasida bo‘lib o‘tgan Yoshlar kuni tantanalari mana shunday yuksak tuyg‘ular va tarixiy lahzalarga boy bo‘ldi.
Prezidentimiz farmoniga muvofiq, o‘z bilimi, iste’dodi va fidokorligi bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh yigit-qizlar “Kelajak bunyodkori” medali hamda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Bu muloqot davlat rahbari va kelajak avlod o‘rtasidagi samimiy, maqsadlarga boy suhbatga aylandi. Unda yosh avlod qalbida milliy o‘zlikni anglash, ajdodlar merosiga sodiqlik va vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishi ekani yana bir bor yaqqol namoyish etildi. Ziyoli va shijoatli yoshlarni tarbiyalash kuchli jamiyat poydevoridir.
Mukofotlanganlar safida o‘zining san’ati, harbiy mas’uliyati va litsey o‘quvchilariga milliy g‘urur ohanglarini singdirib kelayotgan fidokor yigit – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Harbiy musiqa akademik litseyi komandiri Shuhratjon Muhammadxonov ham bor.
Tarixiy muloqotdan so‘ng, qalbi yangi rejalar va yuksak shijoatga to‘lgan yosh komandir bilan samimiy suhbat qurildi.
– Davlatimiz rahbari bilan bo‘lgan bu galgi uchrashuv biz, yoshlar uchun yangi davr eshiklarini ochib bergan juda katta tajriba maktabi bo‘ldi, – dedi Shuhratjon Muhammadxonov. – Ochiq muloqot, erkin fikr va g‘oyalar almashinuvi formatida bo‘lgan tadbir qariyb besh soatdan ortiq davom etdi. Davrada 50 dan ortiq amaliy takliflar tinglanib, Yurtboshimizning farzandlarim, men sizlarning yoningizda turibman, deya ishonch bildirishlari juda katta kuch berdi. Bu so‘zlar hatto eng chekka qishloqlarda turib katta maqsadlar sari intilayotgan, “ilm olaman, el-yurtim va ota-onamning yuzini yorug‘ qilaman” degan har bir yigit-qizning qalbida Vatanga muhabbat tuyg‘usini yanada alangalatdi.
Prezidentimiz tomonidan har payshanba kunining “Yoshlar kuni” deb belgilanishi, har bir istiqbolli loyiha va tashabbuslar mahallabay tizimda shaxsan qo‘llab-quvvatlanishi tarixiy qadamdir. Mutasaddi vazirliklarga berilgan topshiriqlar zamirida bitta ulug‘ maqsad mujassam. Bu mamlakat taraqqiyotini faqat intellektual va shijoatli yoshlar bilan birgalikda yangi bosqichga olib chiqishdir.
Milliy gvardiya tizimida, qolaversa, o‘zim tahsil olgan Jamoat xavfsizligi universiteti hamda hozir xizmat qilayotgan Harbiy musiqa akademik litseyida faoliyat yuritayotgan harbiylar eng avvalo “Sadoqat va jasorat” tamoyiliga tayanamiz. Bizning oliy burchimiz millat manfaatlari va xalqimizning tinch-osuda hayotini ta’minlashdir.
Shu bois, litseyimiz o‘quvchilariga nafaqat harbiy intizom va musiqa sirlarini, balki chinakam milliy g‘ururni singdirishni bosh maqsad qilganmiz. Buyuk ajdodlarimiz bilan faqat faxrlanish kifoya qilmaydi. Ularga munosib voris bo‘lish mas’uliyatini har bir yosh qalb chuqur anglashi shart. Milliy g‘urur mana shu anglash va mas’uliyatdan boshlanadi.
Bundan ikki yil avval, ya’ni 2024-yilning avgust oyida davlatimiz rahbari Jamoat xavfsizligi universitetiga tashrif buyurganlarida, ma’naviy-ma’rifiy tadbirda “Jadidlar qasidasi”ni ijro etgan edim. O‘shanda davlatimiz rahbari ijodimni kuzatib, “Kelgusida bu yo‘nalishni yanada rivojlantirgin” deb meni ruhlantirgan edilar. Mana, oradan ikki yil o‘tib, shaxsan o‘zlarining qo‘llaridan yuksak davlat mukofotini qabul qilib oldim. Bu ustozlarim va ota-onamning bergan tarbiyasiga, mehnatimizga berilgan oliy bahodir.
Bundan keyin ham yurtimiz matonati va ma’naviy nafosatini tarannum etuvchi yangi qo‘shiqlar, yuksak asarlar yaratishda davom etamiz.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri