Dunyo kutubxonalari vakillari yurtimizda jam bo‘ladi
Hamdo‘stlik forumi
Joriy yilning 19-21 may kunlari poytaxtimizda “Central Asia – 2021: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot kutubxona resurslari” mavzusida XIV Xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi media markazida shu munosabat bilan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimizda kitobxonlikka, kutubxona tizimiga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi. Buning samarasida mavjud eski kutubxona binolarining aksariyati ta’mirdan chiqarildi, joylarda zamonaviy, ko‘p qavatli yangi kutubxonalar barpo etilmoqda. Endilikda tizimda xalqaro tajriba almashish, kutubxonalar ishining muammolari, ularning innovatsion rivojlanish yo‘llarini izlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 1870 yil may oyida Toshkent ommaviy kutubxonasi sifatida ochilgan kutubxona fondi o‘sha davrda 1200 nomdagi 2200 dona kitobdan iborat bo‘lgan. 2021 yilga kelib, ya’ni O‘zbekiston Milliy kutubxonasining 150 yillik to‘yini nishonlayotgan ayni kunlarda uning umumiy fondi 7,5 millionga yaqin axborot-kutubxona resurslaridan iborat. Fond gazeta, jurnal, kitoblar, notalar, xaritalar, plastinkalar, texnik andozalar, plakatlar, afishalar va boshqa moddiy va ma’naviy manbalarni o‘z ichiga oladi.
– O‘n to‘rtinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu yirik xalqaro konferensiyaning avvalgilaridan farqi, bu yil anjuman doirasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarning gumanitar hamkorligi bo‘yicha “Kitob va mutolaa – jamiyat taraqqiyotining strategik resursi” mavzusida forum ham tashkil etiladi, – deydi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. – Shuningdek, bu yilgi anjuman o‘tgan yildagilaridan kitob va kitobxonlik masalalari, sohadagi muammolar, pandemiya sharoitida butun dunyo kutubxonalari tajribalari, ilmiy-metodik faoliyat holatiga, ilmiy faoliyat yuritishda jahon axborot resurslaridan foydalanishning muhimligiga alohida e’tibor qaratilishi bilan ahamiyatlidir.

Prezidentimiz tomonidan axborot-kutubxona sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Axborot-kutubxona faoliyati bo‘yicha qabul qilingan me’yoriy hujjatlarda aholining barcha qatlamlarini kutubxona xizmati bilan qamrab olish, shuningdek, uzoq hududlarda istiqomat qiladiganlar uchun ko‘chma kutubxonalar tashkil etish, hujjatlarni elektron yetkazib berish, axborot-kutubxona resurslaridan masofadan turib foydalanishni rivojlantirish, axborot-kutubxona muassasalari va mutaxassislarining imijini yaxshilash kabi islohotlarning amalga oshirilishi mana shu e’tibor natijasi bo‘ladi desak yanglishmaymiz.
“Central Asia: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot kutubxona resurslari” XIV Xalqaro konferensiyasida Rossiya, Armaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Belarus Respublikasidan soha mutaxassislari ishtirok etishi kutilmoqda.

Konferensiyada kitobxonlik masalalari, kutubxonachilikni oldida turgan istiqboldagi vazifalar hamda o‘z yechimini kutayotgan masalalarga bag‘ishlangan ilmiy sho‘’balar, amaliy seminarlar, mahorat darslari onlayn va offlayn tashkil etilishi rejalashtirilgan. Forumga xorijiy tashkilotlardan, xususan, Rossiya kitob ittifoqi, Ozarbayjon Milliy kutubxonasi, Armaniston, Belarus va qo‘shni davlatlar milliy kutubxonalaridan, xorijiy nashriyotlar, oliy ta’lim muassasalaridan 30 ga yaqin vakil kelishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 dekabrdagi qaroriga ko‘ra “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan. Konferensiya doirasida axborot-kutubxona sohasi rivoji, xizmatlar ko‘rsatishning yangi tizimini yaratish, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish ishlariga munosib hissa qo‘shgan, jamiyatda mutolaa madaniyati, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va yosh mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan hamda bu yo‘nalishda yuqori natijalarga erishgan fuqarolarni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumanida so‘nggida OAV vakillari tomonidan berilgan savollarga kutubxona rahbariyati javob berdi.
Yulduz O‘RMONOVA, O‘zA