Dunyo Boburshunos olimlari Andijonda...
Andijonda o‘zbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, olim va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Andijonda o‘zbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, olim va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Bobur xalqaro jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shoir va yozuvchilar, yurtimizdagi, shuningdek, Hindiston, Afg‘oniston, Qozog‘icton, Qirg‘izistondan kelgan boburshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi. Bobur haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘. Majidov mamlakatimizda mustaqillik yillarida xalqimizning boy madaniy merosi, ayniqsa, buyuk bobokalonlarimiz Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa ko‘plab allomalar tomonidan yaratilgan nodir, bebaho ilmiy asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati, ilmiy salohiyati, insoniyat tafakkurining, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni va roli nihoyatda muhim ekanligini ta’kidladi. Xususan, Bobur hayoti va ijodi, o‘lmas asarlari, boburiylarning Hindiston taraqqiyotidagi o‘rni va roli nihoyatda katta ekanligi e’tirof etildi.
Tadbirda viloyat teatri san’atkorlari tomonidan Bobur hayotiga oid sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, yosh ijodkorlar Bobur g‘azallaridan namunalar o‘qidi.
– Zahiriddin Muhammad Boburning serqirra ijodi juda katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Xurshidabonu Qo‘chqorova. – Ayniqsa, adabiyot, tarix, tilshunoslik, huquqshunoslik, musiqa va geografiyaga oid asarlari bizga tariximiz haqida juda ko‘p ma’lumotlar berish bilan birga, o‘sha davr yozma manbalarini o‘rganishimizda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Z. M. Bobur tavalludiga bag‘ishlangan tadbir Bog‘i Boburda ilmiy konferensiya doirasida davom etadi.