Dubayning mashhur “Burj Al Arab” mehmonxonasi vaqtincha yopiladi
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi hashamatli “Burj Al Arab” mehmonxonasi keng ko‘lamli qayta tiklash ishlari sababli 1,5 yilga o‘z faoliyatini to‘xtatadi.
Ta’kidlanishicha, loyiha mehmonxona intererida keng qamrovli yangilash ishlarini o‘z ichiga oladi, biroq uning original dizayni va me’moriy uslubi saqlab qolinadi. “Gulf News” nashri yozishicha, mehmonxona restavratsiya davrida yopiq bo‘ladi.
Loyiha Tristan Auyer boshchiligida amalga oshiriladi. U fransiyalik taniqli interer arxitektori bo‘lib, tarixiy binolarni qayta tiklash sohasida katta tajribaga ega.
27 yil avval ochilgan “Burj Al Arab” Dubayning eng mashhur va nufuzli mehmonxonalaridan biri hisoblanadi. Sun’iy orolda joylashgan, yelkansimon shaklga ega ushbu inshoot allaqachon shahar ko‘rkiga aylangan.
Xabarga ko‘ra, qayta ta’mirlash ishlari asosan intererni yangilashga qaratilgan bo‘lib, mehmonxonaning mavjud uslubi va o‘ziga xosligi saqlab qolinadi. Mehmonxona rahbariyati bu jarayonni go‘yo san’at asarini qayta tiklashga qiyoslab, tarixiy elementlarga alohida e’tibor qaratilishini bildirgan.
O‘.Alimov, O‘zA