Dovul va suv toshqini Xitoyni larzaga soldi
Xitoyning markaziy va janubiy hududlarida kuzatilgan kuchli yomg‘ir, dovul va suv toshqini oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘ldi, yuzlab odam jarohat oldi. Tabiiy ofat mamlakatning bir necha mintaqasida keng ko‘lamli vayronagarchilikka sabab bo‘ldi.
Xubey muzofotida sodir bo‘lgan kuchli momaqaldiroq va shamol sakkiz kishini hayotdan olib ketdi. Ayrim hududlarda tornado ham qayd etilgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 275 kishi jarohatlangan, to‘qqiz fuqaroning taqdiri noma’lum. Yuzlab aholi xavfsiz hududga ko‘chirildi, qutqaruv amaliyoti davom etyapti.
Chin janubidagi Guansi muxtor hududida esa “Maysak” bo‘roni bilan bog‘liq kuchli yog‘ingarchilik sel va toshqin keltirib chiqardi. Oqibatda kamida ikki kishi halok bo‘lib, 48 000 dan ziyod odam yashash joyidan ko‘chirildi. Nanin shahrida suv sathi keskin ko‘tarilib, eng yuqori darajali favqulodda holat joriy etildi.

Suv ombori to‘g‘oni buzilishi ushbu ofatning eng xavfli oqibati sifatida baholanmoqda. Davlat telekanali tarqatgan tasvirda ulkan suv oqimi beton to‘siqni yorib o‘tib, atrofdagi hududlarga tarqalgani aks etgan. Ayrim aholi manzillarida uylar, mashinalar suv ostida qolgan.
XXR Raisi Si Szinpin xavf ostidagi barcha hududlarda qutqaruv xizmatini kuchaytirish, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi tufayli favqulodda ob-havo hodisalari soni va shiddati ortib borayotganini ta’kidlamoqda. Xitoy dunyodagi atmosferaga eng ko‘p bug‘ gazi chiqaruvchi davlatlardan biridir. Vaholanki, mamlakat 2060-yilgacha muvozanatli uglerod iqtisodiyotiga o‘tishni maqsad qilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA