“Do‘stlik madhi”ning farahbaxsh tarannumi
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi tashabbusi bilan mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan musiqiy klip yaratildi.
“Do‘stlik madhi” deb nomlangan ushbu klip ikki xalq o‘rtasidagi azaliy va abadiy do‘stlik tarannumi sifatida keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Ushbu musiqiy klipda ikki qardosh xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va keyingi yillardagi mustahkam aloqalar rivoji o‘zining yorqin ifodasini topgan. Tantanali ohang va mazmundor samimiy so‘zlar qanotida O‘zbekiston va Ozarbayjon bayroqlarining ko‘kka bo‘ylayotgan parvozi tasviri beixtiyor inson qalbida ezgu tuyg‘ularni uyg‘otib yuboradi. Va shubhasizki, bu muqaddas farahbaxshlik o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida ham kelajakka umidbaxsh zamin hozirlaydi.
“Do‘stlik madhi” asrlar osha ikki xalq o‘rtasidagi ezgu orzu-umidlarni baralla kuylayveradi.
O. Bekmurodova