Do‘stligimiz abadiy bo‘lsin
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita binosida “O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlarining do‘stligi, hamkorligi abadiy bo‘lsin” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlari o‘rtasida asrlar davomida shakllangan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va qardoshlik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, xalqlarimizning mushtarak tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini keng targ‘ib etishdan iborat.
Davra suhbatida Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi mas’ullari, “O‘zbekiston va Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyati, O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markaz faollari, ziyolilar, yoshlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning tarixiy ildizlari, bugungi strategik sheriklik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari asosida rivojlanib borayotgan hamkorlikning muhim jihatlari haqida fikr almashildi.
Shuningdek, ikki xalqni birlashtirib turuvchi umumiy tarix, til, madaniyat, urf-odat va an’analar, milliy qadriyatlarning mushtarak jihatlari haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlarining tinchlik, totuvlik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlari Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamjihatlikni ta’minlashning muhim omillaridan biri ekani ta’kidlandi.
[gallery-30965]
Davra suhbatida O‘zbekistonda turli millat va elat vakillarining tinch-totuv yashashi, ularning milliy madaniyati, tili va an’analarini asrab-avaylash hamda rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ham ma’lumotlar berildi.
Tadbir doirasida qirg‘iz xalqining milliy madaniyati va san’atiga oid chiqishlar, ijodiy namoyishlar hamda do‘stlik va hamjihatlikni tarannum etuvchi badiiy dastur ham taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch, hurmat tamoyillari asosida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishi esa ushbu ezgu jarayonning muhim tayanchlaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilayotgan mazkur davra suhbati ham mamlakatimizda tinchlik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik qadriyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
F.Abdurasulov (suratlar),
O‘zA