Dorivor o‘simliklar mahsulotlari ko‘rgazmasi
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Samarqand viloyati hokimligi, qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa idoralar hamkorligida Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” ko‘rgazmalar majmuasida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazma “Avicenna Heritage” – “Abu Ali ibn Sino merosi” deb nomlandi.
Dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchi yuzga yaqin mahalliy tadbirkor o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etgan tadbirda kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, xalq tabobati assotsiatsiyasi, sharq tabobati instituti vakillari ham qatnashdi.
– Mamlakatimizda o‘sadigan mahalliy floraga mansub o‘simliklarning 750 turi dorivor hisoblanib, ulardan 112 turi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun ro‘yxatga olingan va ularning 70 ta turi farmatsevtika sanoatida faol qo‘llanib kelinadi, – deydi Toshkent davlat agrar universiteti dorivor o‘simliklar kafedrasi mudiri Abdimo‘min G‘aniyev. – Yurtimiz dorivor o‘simliklarga boy, afsuski undan unumli foydalana olmasdik. Sababi tibbiyotning bu yo‘nalishiga e’tibor kam edi. Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan bir qator farmon va qarorlar yurtimizda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash shuningdek, ularning eksportini amalga oshirish borasida keng imkoniyatlar yaratdi. bugungi tadbir dorivor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlashni yanada rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish, dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalarini barpo etayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali qayta ishlashni tashkil etish uchun keng imkoniyat maydoni bo‘lib xizmat qildi.
[gallery-7615]
bugungi kunda dorivor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlash eng daromadli sohalardan biriga aylandi. Shundan kelib chiqib, endilikda yurtimizda tumanlar qizilmiya, za’faron, kavrak, lavanda, steviya, moychechak, na’matak, rovoch, mavrak, dalachoy, tog‘rayhon, bo‘ymadaron, kiyik o‘ti, kovul, qalampir yalpiz va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashtiriladi. 2026 yilgacha 36 ming gektar maydonda yangi dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etiladi.
“Mehrigiyo” xususiy korxonasi yaqinda xalqaro “Organic” sertifikatini oldi. Ushbu korxona 45 turdagi dorivor o‘simliklardan tayyorlangan mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
– Ayni paytda korxonada dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ularni qayta ishlash asosida yuzdan ziyod shifobaxsh choy, sharbat va asalli mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan, – deydi korxonaning Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Elyor Tursunov. – Bu mahsulotlar MDH davlatlariga eksport qilinyapti. Kelgusida Yevropa va arab davlatlariga ham sotishni rejalashtirganmiz. Jahon miqyosida ushbu sohada mamlakatimizning salohiyati yuqori baholanadi. Xususan, 2021 yilda qizilmiya ekstrakti aylanmasi dunyo bo‘yicha 200 million dollarni tashkil etib, mamlakatimiz 31 million dollar eksport qiymati bilan birinchi o‘rinni egalladi.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat), O‘zA