“Do‘pka voqeasi” kitobi o‘quvchiga nima beradi?
Poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da Saida Rashidovaning bolalar uchun yozilgan “Do‘pka voqeasi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Saida Rashidova ingliz tili o‘qituvchisi va Toshkentdagi “Kitobxon onalar” klubi asoschilaridan biri.
Muallif “Do‘pka voqeasi” kitobida milliy bosh kiyimimiz do‘ppining kepka shaklidagisini qiyoslab keltirgan va uni Do‘pka deb atagan. Kitobda bosh kiyimdagi olti xil belgi haqida hikoya qilinadi.
Asosiy qahramon sharqona naqshli bosh kiyim Do‘pka unutilmas sayohatga chiqishni orzu qiladi. Shuningdek, u o‘zining kimligini va bezaklari nimani anglatishini tushunishga harakat qiladi. Do‘stlari unga yordam beradi va Do‘pka bilan birgalikda qadimiy o‘zbek bosh kiyimlarining kelib chiqish ma’nosini anglab yetishadi. Mazkur kitob o‘zining jajji o‘quvchilarida milliy va qadimiy liboslarimizga bo‘lgan qiziqishni orttirish bilan birga Do‘pka kabi o‘z harakatlariga ishonish tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi.
Muallifning fikriga ko‘ra, “Do‘pka voqeasi” bu mamlakatimiz madaniyati va urf-odatlari haqidagi zamonaviy hamda hayajonli ertaklar seriyasidir. U mazkur kitobi bilan o‘zbek bolalar adabiyotida yangi va zamonaviy yo‘nalishni faol targ‘ib qilmoqda.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA