Dolzarb vazifalar muhokama qilindi
Nurafshon shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda xorijda yurgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, migratsiyadan qaytgan shaxslarni ish bilan ta’minlashning holati va bu borada belgilangan vazifalar muhokama qilindi.
Hozir viloyatdan tashqarida migratsiyada yurgan fuqarolarning soni 111 ming 973 nafardir. Yig‘ilishda subsidiya asosida aholini uy-joy bilan ta’minlash yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisoboti ham tinglandi.

Qurilayotgan uy-joy narxlarining qimmatligi, arzon narxdagi kvartiralarning kamligi fuqarolarni uy bilan ta’minlash imkoniyatini cheklayotgani tanqid qilindi. Qayd etilganidek, 2023-yili viloyatda jami 6 ming 811 ta xonadondan iborat 122 ta uy foydalanishga topshirildi.

Bunda 825 nafar fuqaroga 206 milliard so‘mlik ipoteka kreditlari hamda byudjet mablag‘lari hisobidan 26,4 milliard so‘mlik subsidiyalar ajratildi. Bu borada joriy yilda mavjud muammolarni bartaraf qilish lozimligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda kommunal tizimlarda yuzaga kelgan debitor qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar borasida so‘z yuritildi va mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi. Bundan tashqari, 2024-yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturining 1-chorakda bajarilishi yuzasidan ma’lumot taqdim qilindi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri