“Dolzarb 40 kunlik”: Yashnobodda elektr tarmoqlarining ishonchliligi oshiriladi
Toshkent shahrida elektr ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va tarmoqlarning ishonchliligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Yashnobod tumanida joylashgan “Pod’yomnik” podstansiyasida ham kompleks yangilash ishlari olib borilmoqda.
“Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filiali tasarrufidagi 110/10/6 kV kuchlanishli mazkur podstansiya 1978-yilda foydalanishga topshirilgan. Ayni paytda ob’ektda “Dolzarb 40 kunlik” doirasida elektr uskunalarini zamonaviy talablar asosida yangilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Modernizatsiya jarayonida podstansiyadagi 2x25 MVA quvvatli transformatorlar yangi transformatorlarga almashtirilmoqda. Shuningdek, mavjud elektr qurilmalari ham zamonaviy, yuqori samaradorlikka ega uskunalar bilan yangilanmoqda.
Loyiha Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentabrdagi 598-son qarori asosida amalga oshirilmoqda. Qurilish-montaj ishlarida “O‘zbekenergota’mir” AJ bosh pudratchi sifatida ishtirok etmoqda.
Modernizatsiya ishlari yakunlangach, podstansiyaning elektr energiyasini uzatish va taqsimlash imkoniyatlari kengayadi. Eng muhimi, Yashnobod tumanidagi 2 300 nafardan ortiq aholi hamda ulgurji iste’molchilarning elektr ta’minoti yanada barqaror va ishonchli bo‘lishi kutilmoqda.
Zamonaviy uskunalarning joriy etilishi elektr tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash, qurilmalarning uzoq muddat va barqaror ishlashini ta’minlash hamda iste’molchilarga sifatli elektr energiyasi yetkazib berish imkoniyatlarini oshiradi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA