Diydorlashuv, e’zoz va ehtirom shodiyonasi
Mamlakatimizda “Uch avlod uchrashuvi” ma’rifiy tadbirlarini o‘tkazish an’anaga aylandi. Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tashkil etilgan navbatdagi tadbir ham chin ma’noda diydorlashuv, e’zoz va ehtirom shodiyonasi bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tadbirda davlat va jamoat arboblari, tuman hokimligi va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, mehnat faxriylari, “Nuroniylar jamoatchilik kengashi” a’zolari, “Buvijonlar maktabi” faollari va yoshlar ishtirok etdi.

Keksalari e’zozlangan yurtda qut-baraka, mehr-oqibat bardavom bo‘ladi. Faxriylarning duolari, o‘gitlari, pandu nasihatlari yoshlarni yaxshilikka yetaklaydi, yon-atrofidagilarga yordam berishga undaydi. Yoshu qarini bir davraga jamlagan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirida ana shu jihatlar yaqqol namoyon bo‘ldi.
Ayni paytda O‘zbekiston tumanida 60 yoshdan oshgan 30 mingdan ortiq nuroniylar istiqomat qiladi. Ular orasida 10 nafardan ziyod fan doktorlari, professorlar, 1100 nafar davlat mukofotlari sovrindorlari, 100 nafardan ziyod mehnat faxriysi bor. Faxriylardan 6 nafari 100 yoshdan oshgan. Bir nafari Ikkinchi jahon urushi faxriysi. 90 nafari front orti mehnat faxriylari hisoblanadi.

– Nafaqaga chiqqanimga 16 yil bo‘ldi, — deydi mehnat faxriysi Alisher Vahobov. — Mahalla raisi maslahatchisi, “Nuroniylar jamoatchilik kengashi” a’zosi sifatida tumanda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini asrashga o‘zimni hissamni qo‘shib kelyapman.
Prezidentimizning tashabbusi bilan respublikamizda, viloyatlarda, tumanlarda, mahallalarda, maktablarda tashkil etilayotgan “Uch avlod uchrashuvi” ma’rifiy tadbirlari yoshlarga ham keksalarga ham birdek foydali, manfaatli bo‘lyapti. O‘sib kelayotgan avlodning bilim olish, kasb-hunar egallash yo‘lidagi yutuqlarini ko‘rib quvonamiz. O‘zimizning hayotiy tajribamizdan kelib chiqib, ularga maslahatlar, to‘g‘ri yo‘nalishlar beramiz. bugungi ne’matlarga, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikka har qancha shukur qilsak, shuncha kam.


Nigora Rahmonova, O‘zA.