“Diydor” teatrining yangi mavsumi “Kulgi akademiyasi” spektakli bilan boshlandi
“Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasining yangi mavsumi ochilishi munosabati bilan ijodiy jamoaning navbatdagi sahna asari namoyish etildi.
Mavsum ochilishi doirasida yapon dramaturgi Koki Mitani qalamiga mansub asar asosida, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev inssenirovkasi bo‘yicha yaratilgan, Bobur Yo‘ldoshev va Ruslan Haydarov tomonidan sahnalashtirilgan “Kulgi akademiyasi” spektakli teatr ixlosmandlariga taqdim etildi.
Spektaklda yengil yumor va hayotiy voqealar uyg‘unligida qurilgan sahna talqini namoyish etildi. Asarda inson munosabatlari, kundalik hayotdagi turli vaziyatlar hamda jamiyatda uchraydigan ayrim holatlar hazil-mutoyiba orqali yoritiladi. Shu jihati bilan spektakl tomoshabinni nafaqat kuldirishga, balki voqealar mohiyati haqida mulohaza yuritishga ham undaydi.

Sahna asarida yosh aktyorlarning ijodiy yondashuvi, obrazlarni yaratish mahorati va sahnaviy harakatlari alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Rejissyorlik yechimi, sahna bezagi va ijro uslubining o‘zaro uyg‘unligi spektaklning ta’sirchanligini yanada oshirdi.
“Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasining yangi mavsum ochilishi doirasida namoyish etilgan mazkur spektakl teatr san’atiga qiziquvchi yoshlar va keng jamoatchilik uchun mazmunli madaniy voqeaga aylandi.

Tadbir yakunida ijodiy jamoa tomoshabinlarning iliq olqishlariga sazovor bo‘ldi. “Kulgi akademiyasi” spektaklining namoyishi teatr jamoasining yangi mavsumdagi ijodiy izlanishlari, zamonaviy sahna asarlarini yaratish va tomoshabinga taqdim etish borasidagi faoliyatiga munosib start berdi.
N.Usmonova, O‘zA