Diplom uchun ish joyi ma’lumotnomasi shart emas
Ijtimoiy tarmoqlarda davlat oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilaridan diplom himoyasidan oldin turli hujjatlar, jumladan, o‘zini o‘zi band qilgani to‘g‘risida ma’lumot, rasmiy ish joyidan ma’lumotnoma yoki uch tomonlama shartnoma talab qilinayotgani haqidagi murojaatlar ko‘paydi.
Bu haqda Oliy ta’lim,fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bitiruvchilardan bitiruv malakaviy ishiga kiritish yoki diplom berish jarayonida ish bilan bandligiga oid har qanday qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish belgilanmagan. Bitiruv malakaviy ishi himoyasiga qo‘yish faqatgina o‘quv jarayoni bilan bog‘liq talablar asosida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, bitiruvchilar bandligini tahlil qilish va ularning mehnat bozoriga chiqish jarayonini kuzatib borish maqsadida Soliq qo‘mitasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Adliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilingan holda monitoring ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlar raqamli platformalar orqali avtomatik tarzda olib boriladi va talabalardan qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlarni majburiy tarzda talab qilishni nazarda tutmaydi.
Vazirlik tomonidan barcha oliy ta’lim tashkilotlariga bitiruvchilar bilan ishlashda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, ularga nisbatan ortiqcha byurokratik talablar qo‘ymaslik hamda har qanday ma’lumotlarni yig‘ishda ixtiyoriylik tamoyiliga amal qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA