Deputatlar muammolarni o‘rganmoqda
Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhlari hududlarda bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, investitsiya va eksport hajmini oshirish, sanoat, qurilish, transport, ekologiya hamda ijtimoiy sohalarda 2024-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganmoqda.
Ishchi guruhi a’zolari Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi o‘rganishlari davomida ushbu hududni iqtisodiy rivojlantirish, xalq turmush farovonligini oshirish, aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, mahalliy tadbirkorlar uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratish masalalari yuzasidan o‘rganishlar olib bordi.

Tumandagi bir qator tijorat banklaridan aholiga, xususan ayollar va yoshlarga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar va bu boradagi ishlar samaradorligi ham ishchi guruh a’zolari e’tiboridan chetda qolgani yo‘q. Tumandagi sektorlar va tadbirkorlik subyektlari faoliyati ham o‘rganib chiqilib, joylardagi ayrim muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq maslahat, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Buxoro tumanidagi o‘rganishlarda “Agrobank” va “Xalq banki” ATB tuman filiallari tomonidan hududda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlar, ularning o‘z vaqtida qaytarilishi va bu boradagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati tahlil qilindi.

Ishchi guruh a’zolari “Rabotiqalmoq” va “Dehcha” mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar asosida o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlagan sohaning navqiron vakillari faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Jumladan, “Dehcha” mahalla fuqarolar yig‘inida Azim Iskandarov tashabbusi bilan mebel jihozlari ishlab chiqarish sexi tashkil etilgan. Yakka tartibda faoliyat olib boruvchi A.Iskandarov sa’y-harakati bilan 10 ga yaqin kishining bandligi ta’minlangan.

– Joriy yil oxirigacha bu yerdagi ishlovchilar sonini jami 20 nafarga yetkazish rejalashtirilgan, – deydi tadbirkor A.Iskandarov. – Tijorat bankidan ajratilgan 100 million so‘mlik imtiyozli kredit evaziga endilikda seximizda yumshoq mebel jihozlari, stol-stul, shkaf, oshxonaga mo‘ljallangan va boshqa buyumlar ishlab chiqaramiz.
Iskandarovlar xonadonida oila a’zolarining barchasi tadbirkorlik faoliyati bilan band bo‘lib, ular to‘y sarpolariga buyurtmalarni ham qabul qilgan holda mijozlar ishonchini qozonib kelmoqda.
Shuningdek, asalarichilik koni foyda ekanligini yaxshi tushungan oila a’zolari bu sohada ham kutilgan natijalarga erishmoqda.

Tumanda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan hududlardan yana biri “Rabotiqalmoq” mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, bu yerda yosh tadbirkor Zavqiddin Asadov sa’y-harakati hamda hududdagi hokim yordamchisi Davlat Jo‘rayev ko‘magida tijorat bankidan ajratilgan tegishli miqdordagi kredit hisobidan 1 marta ishlatiladigan idishlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan sex faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Ishchi guruh a’zolari ushbu sexda bo‘lib, ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Yosh tadbirkorning keyingi faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammolar yechimi yuzasidan o‘z taklif, tavsiya va maslahatlarini berdi.
Ishchi guruh a’zolarining o‘rganishlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri