Deputat va talaba-yoshlar uchrashuvi
Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish, zamonaviy dunyoqarash, bilim va ko‘nikmaga ega yoshlar safini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qayd etish kerak, yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb etish, ularning muhim tashabbus va takliflaridan qonun loyihalarini ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonlarida foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada joylarda deputatlar va yoshlarning uchrashuvlarini tashkil etish, o‘sib kelayotgan avlodning siyosiy ongini yuksaltirish, qonun ijodkorligi sohasidagi tushunchasini kengaytirish, eng muhimi, deputatlar korpusi faoliyati haqida bilimini boyitishda muhim o‘rin tutadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan Toshkent davlat agrar universitetida yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati Gulnora Ahmedova yoshlarga yurtimizda olib borilayotgan islohotlar hamda Bosh qomusimizda belgilangan yoshlarga oid normalar haqida gapirib berdi.

Shuningdek, tadbirda parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar, komissiyalar hamda deputatlarning qonun ijodkorligi faoliyati haqida ma’lumotlar berildi.

Muloqotlar jarayonida talabalar tomonidan savollar o‘rtaga tashlandi va qonun ijodkorligini rivojlantirish, bu jarayonda yoshlarning faol ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi.
M.Komilova,
O‘zA