Deputat va OAV: hamkorlik samarasi
Nukusda O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “Deputat va OAV: hamkorlik va kelgusidagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari deputatlari, partiya faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi apparat rahbari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Sh.O‘temisov o‘tgan yillar mobaynida partiya tomonidan amalga oshirilgan tadbirlar, deputatlar tomonidan o‘zlari saylangan hududlarda olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda «Xalq davlat organlariga emas, balki, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyil asosida joylarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, fuqarolarning boshqarish organlariga bo‘lgan ishonchini yuksaltirish, aholi, shu jumladan, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarning, nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ularning bandligini ta’minlash, turmush sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Albatda bunda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bilan hamkorlik ijobiy samara berishi qayd etildi.

Tadbirda deputatlar so‘zga chiqib, joylarda aholi muammolarini yechish, ularning murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish masalalariga to‘xtaldi. Bu boradagi ishlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng ommaga yetkazish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirdi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA